Hajga yuborishni vaʼda qilib 20 ming dollar olayotgan shaxs ushlandi
Tezkor tadbirlarda Haj va Umra ziyoratlariga noqonuniy yuborish holatlari aniqlandi.

DXX va IIV tomonidan joylarda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda Haj va Umra ziyoratlariga noqonuniy yuborish holatlari aniqlandi.
Jumladan, Namangan viloyatida qayd etilgan holatda, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi, 1969 y.t. shaxs mahalliy fuqaroning ishonchiga kirgan. Mazkur shaxs uning ota-onasini Namangan shahridagi sayyohlik firmalaridan biri orqali joriy yilgi mavsumda Saudiya Arabistoniga Haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Namangan shahridagi turistik firmada ish yurituvchi boʻlib ishlovchi, 1981 y.t. shaxs 2 nafar fuqaroni ushbu firma orqali joriy yilgi Haj mavsumida ezgu amallarni bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.
U oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Gurlan tumanida yashovchi, 1974 y.t. shaxs Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqalʼa tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi, lekin tegishli litsenziyaga ega boʻlmagan turistik firma orqali Umra ziyoratiga yuborish evaziga 3450 AQSh dollari olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Fargʻona shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Toshloq tumanida yashovchi, 1981 y.t. shaxs Umra ziyoratini tashkil etishga vakolati boʻlmasada, viza rasmiylashtirib berish orqali, Qoʻshtepa tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroni Umra safariga joʻnatish evaziga 2400 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Quva tumanida qayd etilgan holatda, 1980 y.t. shaxs “Telegram” messenjeridagi profili orqali goʻyoki Umra ziyoratiga yuborish bilan shugʻullanuvchi firmasi borligini aytib, aynan Umra vizasi bilan 2 nafar fuqaroni ziyoratga joʻnatish evaziga 3100 AQSh dollari talab qilib, oldindan 1800 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.