Sirdaryoda metan zapravkani tekshirishga borgan xodim mashinasiga shubhali modda tashlab qoʻyilgani aniqlandi
"Oʻzenergoinspeksiya" mutaxassislari hisob-kitobiga koʻra, zapravka yetkazgan zarar miqdori 5 mlrd 740 mln soʻmni (2,2 mln m3) tashkil etgan.

Sirdaryo viloyatidagi "Metan zapravka" da 5,7 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi fosh etildi.
Joriy yilning 8 fevral kuni "Oʻzenergoinspeksiya" markaziy apparati mutaxassislari tomonidan Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanida joylashgan "P. M. G." MChJga qarashli AGTKShDA nazorat tadbiri oʻtkazilgan.
Mutaxassislar tomonidan AGTKShning gaz hisoblagichini koʻzdan kechirishga borilganda, shoxobchaning gaz hisoblagichi oʻrnatilgan xonadan nomaʼlum shaxs qoʻlida har xil kabellar bilan chiqib, ushbu joydan qochib ketgan. Shundan soʻng, gaz hisoblagich koʻzdan kechirilganda hisoblagichning aloqa tarmogʻi (porti) uzilmaganligi kuzatilib, hisoblagichga tashqi taʼsir koʻrsatilganligi shubha qilinib, hisoblagich konfiguratsiyalarini tekshirtirish uchun yechib olinishi bildirilganda, AGTKSh rahbarlari tomonidan toʻsqinlik qilingan va hisoblagichni yechib olishga qarshilik koʻrsatilgan.
Shu vaqtda kutilmaganda Sirdaryo tumani IIB tezkor vakili kelib, "Oʻzenergoinspeksiya" mutaxassisi A.N. ga tegishli avtomashinani koʻzdan kechirib, shubhali ravishda nomaʼlum modda topib, voqea joyidan mutaxassisni olib ketishgan.
Ushbu holat yuzasidan Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlarga koʻra (AGTKShning video kameralarida qayd etilgan lavhalarga koʻra) AGTKSh tegishli shaxslar tomonidan qasddan uyushtirganligi aniqlandi.
Tadbir davomida, jamiyatga qarashli gaz hisoblash uskunasini maʼlumotlar bazasiga tashqi taʼsir koʻrsatilganligi aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblariga asosan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 5 mlrd 740 mln soʻmni (2,2 mln m3) tashkil etgan.
Aniqlangan holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Prokuratura organiga yuborildi.
Maʼlumot uchun: Ushbu tadbirkorlik subʼektida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish takroran sodir etilgan boʻlib, yaʼni inspeksiya mutaxassisi tomonidan 2024 yilda mazkur AGTKSh rahbariga qarashli Sirdaryo viloyatida joylashgan 2 ta AGTKShda ("S.A.L." va "M.G." MChJlar) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlab, jami 28,3 mlrd soʻmlik zarar hisob-kitob qilingan.