Kyubler-Ross modeli – iztirob, oʻzgarish va yoʻqotishlarga koʻnikishning besh bosqichi
Inson oʻzining muqarrar oʻlimi haqida bilib qolganida kechiradigan his-tuygʻular turli bosqichlarga boʻlinadi.

Inson ruhiyati oʻzgarish va yoʻqotishlarga tabiiy ravishda reaksiya qiladi. Muammolar hal qilinishi mumkin boʻlsa, uni yechish yoki vaziyatga koʻnikish oson kechadi. Biroq bunday boʻlmasa-chi? Tuzalmas, davosi yoʻq kasalliklarga chalinsa-chi?
Koʻnikish jarayonini tushunish uchun shveysar-amerikalik psixolog Elizabet Kyubler-Ross tomonidan 1969 yilda taklif etilgan "Besh bosqich" modeli muhim ahamiyatga ega. Ushbu model dastavval tuzalmas kasallikka chalingan bemorlarning oʻlimga munosabatlarini oʻrganish natijasida ishlab chiqilgan, ammo keyinchalik u inson hayotida roʻy berishi mumkin boʻlgan barcha yoʻqotish va katta oʻzgarishlarga nisbatan qoʻllanila boshladi. Masalan, tuzalmas kasalga chalingan, qarindoshlaridan ayrilgan yoki bankrot boʻlgan shaxslar uchun ham tatbiq etish mumkinligi eʼtirof etildi.
Mazkur nazariya qanday shakllanganini tushunish uchun bu ajoyib ayolning hayoti bilan tanishib chiqish foydadan xoli boʻlmaydi.

Shafqat va hamdardlikka moyil qalb
Shveysariyalik shifokor Elizabet Kyubler-Ross (1926-2004) AQShga koʻchib oʻtgandan keyin pallativ tibbiyot – oʻlimga mahkum, ogʻir kasallar bilan ruhiy va pallativ (faqat ogʻriqlarni qoldirish, hayotning oxirgi daqiqalarini yengillatish) yordam ustida ishlashni boshlagan.
Elizabet Shveysariyaning kichik qishlogʻida tugʻilgan. Uning otasi savodsiz lyuteran pastori boʻlsa-da, qishloqdagi eng hurmatli shaxs edi. U bolalarga yakshanba diniy maktabida taʼlim bergan.
Elizabet bolaligidan shifokor boʻlishni orzu qilgan, ammo uning otasi ayol kishiga taʼlim kerak emas, yaxshi turmush oʻrtoq topishi kifoya, deb hisoblardi. Ammo maqsadga intiluvchan qiz 15 yoshida uyidan ketib, kasalxonalardan ish qidira boshladi va istalgan mehnatga rozi ekanini aytdi. 1942 yilda, urush yillarining shovqin-suronida uni tuzalmas kasalliklarga chalingan bemorlar boʻlimiga yordamchi qilib ishga qabul qilishdi. Oʻsha vaqtda sifilis bilan kasallanganlardan yuqishidan qoʻrqib, ularni yopiq holda saqlashar edi. Lekin Elizabet ular ham tushunish, mehr va yordamga loyiq deb hisoblar va ularni parvarish qilardi.
1944 yilga kelib, Shveysariya butun Yevropadan kelgan minglab qochqinlar bilan toʻldi. Ular orasida ota-onasidan ajralib qolgan, och, yaralari va jarohatlari yiringlab ketgan va bit bosgan bolalar koʻp edi. Elizabet boshqa shifokor bilan birgalikda bolalarga gʻamxoʻrlik qildi: bitlardan tozaladi, davoladi, oziq-ovqat va kiyim topib berdi. Uning shifokor doʻsti unga Polshada fashistlar tomonidan qilingan zoʻravonliklar haqida hikoya qilardi, bu esa uni xalqaro tibbiy guruhga koʻngilli sifatida qoʻshilishga undadi. U guruh bilan birga urush tugaganidan keyin Polshada aholiga birinchi yordam koʻrsatish markazini tashkil qildi.
Shifokor sifatida
Toʻrt yillik koʻngillilik faoliyatidan soʻng, Elizabet Shveysariyaga qaytib, tibbiyot universitetiga oʻqishga kirdi va 31 yoshida shifokor diplomini oldi.
Agar u oddiy hayotni tanlaganida, ehtimol, biror odamga turmushga chiqib, qishloqda shifokor boʻlib ishlagan boʻlar edi. Ammo taqdir uni amerikalik shifokor Emanuel Ross bilan uchrashtirdi. Ross Elizabetni sevib qolib, uni AQShga olib ketdi.
Amerikada unga Manxettendagi davlat kasalxonasida ruhshunos sifatida ish taklif qilishdi. Urush bilan vayron boʻlgan Yevropada tajriba orttirgani sababli, turli odamlar bilan oson muloqot qilardi. U asosiy eʼtiborini oʻlishi yaqin qolgan kasallarga qaratdi. Ular hatto mehribon oila aʼzolari va qarindoshlari orasida ham yolgʻizlik va ajralish hissini kechirishlarini kuzatdi.
Oʻsha paytlarda Amerika jamiyatida oʻlim mavzusi tabu edi. Hatto tibbiyot xodimlari ham oʻlim haqida bemorlar bilan gaplashishni bilmas edi.
Bir yosh qiz, qon saratonining oxirgi bosqichida boʻlgan, unga aytib berishicha, atrofdagilar oʻlimni yuqumli deb bilishadi. Hech kim u bilan gaplashishni xohlamas, shifokorlar faqat analizlar va jadvallarga qarar, hatto onasi ham "oʻlim" soʻzi tilga olinganda mavzudan qochar edi. Faqatgina Elizabet va bir keksa qora tanli tozalovchi ayol unga hamdarlik koʻrsatib, u bilan gaplashar edi.

Shu kuzatuvlar asosida Elizabet Kyubler-Ross besh bosqich nazariyasini ishlab chiqdi va shifokorlar uchun maʼruzalar oʻtkaza boshladi. U shifokorlarga umrining soʻnggi bosqichidagi odamlarga qanday yordam berish mumkinligini tushuntirdi. Uni tinglash uchun minglab odamlar yigʻilar, koʻplab tinglovchilar keyinchalik koʻngilli boʻlib ishlashar edi.
1969 yili Macmillan Publishers nashriyoti Elizabetdan bu haqda kitob yozishni soʻradi. U "Oʻlim va oʻlish haqida" («On Death and Dying») kitobini ikki oyda yozib tugatdi. Bu kitob hamon kelajak shifokorlar va hamshiralar uchun majburiy oʻqiladigan kitoblar roʻyxatiga kiritilgan. Elizabet Rossning oʻzi esa insoniyatning eng yirik 100 maʼnaviy ustozlaridan biri deb eʼtirof etilgan.
Modelning tavsifi
Elizabet Kyubler-Ross oddiy shifokor boʻlsa-da, lekin u hamma odamlar ertami-kechmi duch keladigan jarayon – oʻlimga tayyogarlik sohasiga ulkan hissa qoʻshdi. U dunyoga odamlar oʻz muqarrar oʻlimlarini qanday qabul qilishini tushuntiradigan oddiy va ravshan nazariyani taqdim etdi.
Inson oʻzining muqarrar oʻlimi haqida bilib qolganida kechiradigan his-tuygʻular turli bosqichlarga boʻlinadi.
Bu jarayon boshida inkor etish yuz beradi (Yoʻq, bu rost boʻlishi mumkin emas!). Keyin gʻazab (Nega aynan men! Bu adolatsizlik!). Shundan soʻng murosa izlash (Men qutulish yoʻlini topishim kerak! Hamma aytilgan (diniy, ilmiy va hokazo) talablarga amal qilaman, oʻzimni toʻgʻri tutaman). Keyin umidsizlik (Hech narsa yordam bermayapti. Hammasi tamom!). Oxirgi bosqich – qabul qilish (Men bunga koʻnikishim va muqarrar yakunga tayyorgarlik koʻrishim kerak).
1. Inkor (Denial)
Bu bosqichda inson haqiqatni qabul qilishga tayyor emas va voqelikni inkor qiladi. Bu – shok va himoya reaksiyasi.
Misol: yaqin kishisidan ayrilgan odam dastlab bu xabarga ishonmaydi va uning xayoliga "Bu mumkin emas, xatolik boʻlishi mumkin" kabi fikrlar keladi.
2. Gʻazab (Anger)
Inkor davom etolmaganidan soʻng, falokat haqidagi xabar tasdiqlanganidan keyin, inson gʻazabni his qiladi. U oʻzining holatidan, taqdirdan yoki boshqalardan norozi boʻlishi mumkin.
Misol: kasallik tashxisi qoʻyilgan shaxs "Nega aynan men? Bu adolatsizlik!" deb xafa boʻlishi va hatto shifokorlarga, atrofidagilarga gʻazabini sochishi mumkin.
3. Savdolashish (Bargaining)
Inson vaziyatni oʻzgartirishga harakat qiladi, odatda, Xudo yoki taqdir bilan "kelishuv" qilishga urinadi.
Misol: kasal kishi "Agar tuzalsam, shukr qilib, yomonlik, gunoh va notoʻgʻri ishlar qilmasdan yashayman" deb niyat qiladi yoki boshqa bir muhim qarorga keladi. Yoxud ichish va chekishni tashlaydi, sadaqa va nazr vaʼda qiladi, tabiblar va folbinlar oldiga boradi va hokazo.
4. Tushkunlik (Depression)
Hech bir urinish foyda bermaganidan soʻng, odam tushkunlikka tushib qoladi. Haqiqatni toʻliq tushunish hissi paydo boʻladi va bu chuqur qaygʻuga olib kelishi mumkin.
Misol: yaqin insonidan ayrilgan odam hayotning maʼnosini yoʻqotgandek his qilishi, u bilan bogʻliq xotiralarga botib ketishi, uni eslab, uzoq vaqt yigʻlab yoki gʻamgin boʻlib yurishi mumkin.
5. Qabul qilish (Acceptance)
Inson voqelikni tan oladi va uni qabul qiladi. Bu umidsizlik emas, balki yangi hayot sharoitiga moslashishdir.
Misol: ogʻir kasallikka chalingan shaxs qolgan vaqtdan unumli foydalanishga urinadi. Aytaylik, vasiyatnoma yozadi, rozi-rizolik soʻraydi, qarzlarini uzadi, kimlargadir aytolmagan gaplarini aytib qoladi, chala ishlarini bitirishga yoxud mantiqiy yakuniga yetkazishga, chala qolayotgan ishlari uchun oʻrinbosar tayinlashga harakat qiladi. Eʼtiqodli odam boʻlsa, tavba tazarru qiladi, bu hayot vaqtincha ekani, taqdirida bitilgan ish albatta yuz berishi, umr oʻlchab berilgani, oʻlim esa shunchaki abadiy hayotga oʻtish darvozasi ekanini anglab, ruhiyati sokinlashadi. Oilasi, qarindoshlari va doʻstlarini ruhan quvvatlashga intiladi, ularga taskin beradi.
Boshqa psixologlarning fikrlari
Ilm olamida Kyubler-Ross modeli tanqidga ham uchragan. Masalan, Jorj Bonanno bu jarayon har doim qatʼiy tartibda kechmasligini va odamlar turlicha reaksiya qilishi mumkinligini taʼkidlaydi. Uning tadqiqotlariga koʻra, koʻpchilik odamlar jiddiy yoʻqotishdan soʻng nisbatan tez tiklanish qobiliyatiga ega.
Hayotda qoʻllash
Ushbu model oʻzgarishlar, kasalliklar, yoʻqotishlar yoki stressli vaziyatlar bilan bogʻliq holatlarni tushunishga yordam beradi. Bu psixologlarga va hayot muammolarini yengishni istagan odamlarga ruhiy yordam koʻrsatishda foydalidir.
Mazkur 5 bosqich modeli har qanday yoʻqotishni yengishda yoʻllanma sifatida qaralishi mumkin, ammo bu barcha insonlar uchun bir xil kechmaydi. Asosiysi – har kim oʻz shaxsiy tajribasini tushunib, unga mos keluvchi yechimni topishi maqsadga muvofiq boʻladi.