Koʻrinmas front jangchilari: Saddam Husaynni agʻdarishga xizmat qilgan maxfiy operatsiya
Dunyo hamjamiyati 2003 yil dekabr oyida tarixda tub oʻzgarish yasagan bir haqiqatni bilib qoldi. Bu haqiqat ilgariroq fosh etilganida, yuz minglab odamlarning hayotiga zomin boʻlgan urush va adolatsizliklarning oldini olishi mumkin edi.

Dunyo hamjamiyati 2003 yil dekabr oyida tarixda tub oʻzgarish yasagan bir haqiqatni bilib qoldi. Bu haqiqat ilgariroq fosh etilganida, yuz minglab odamlarning hayotiga zomin boʻlgan urush va adolatsizliklarning oldini olishi mumkin edi. Shu yili Britaniya razvedka agentligi MI-6ning “Ommaviy murojaat” operatsiyasi fosh etildi, ammo endi juda kech boʻlgan edi. Bu paytga kelib, Iroq olov ichida yonayotgan va dunyo jamiyati juda puxta tuzilgan yolgʻonni hazm qilib boʻlgan edi.
Qalbaki tahdidning yaratilishi: razvedka dezinformatsiyasi
“Ommaviy murojaat” operatsiyasi (inglizcha Operation Mass Appeal) 2003 yilda Iroqqa bostirib kirish arafasida amalga oshirib boshlangan. Uning maqsadi oddiy va shu bilan birga dohiyona edi: maqsad – jahon hamjamiyatini Saddam Husayn rejimi ommaviy qirgʻin quroliga (OQQ) ega ekanligi va dunyo tinchligiga xavf solayotganiga ishontirish edi. Britaniya razvedkasi MI-6 psixologik operatsiyalarda boy tajribaga ega boʻlgani sababli, ommaviy axborot vositalaridan (OAV) millionlab odamlarning ongiga taʼsir qilish vositasi sifatida samarali foydalandi.
Buning uchun jurnalistlar, muharrirlar va siyosatchilar jarayonga jalb qilindi, ularning koʻplari keng koʻlamli oʻyinning bir qismiga aylanib qolishlarini tasavvur ham qilmagan hattoki. Yolgʻon yoki boʻrttirilgan razvedka maʼlumotlari, dezinformatsion materiallar axborot nashrlariga sizdirildi. Bu nuqsonsiz sxema edi: jahon OAVda uydirma "razvedka maʼlumotlari" paydo boʻldiki, Gʻarb siyosatchilari Iroqqa kirish zarurligini asoslash uchun ularga tayanishdi.
Operatsiyaning asosiy mualliflari
Ushbu tashviqotning asosiy ishtirokchilaridan biri – BMTning Moniitoring, nazorat va inspeksiyalar boʻyicha komissiyasining (inglizcha United Nations Monitoring, Verification and Inspection Commission — UNMOVIC) qurollanish ustidan nazorat masalalari boʻyicha sobiq inspektori, sobiq AQSh harbiy razvedka xodimi hamda MI-6 bilan uzoq yillar rasmiy hamkorlik qilgan ekspert Skott Ritter boʻlgan.
Maʼlumot uchun: Ritter Markaziy Osiyoda “bosmachilik harakati”, xususan Fuzayl Maxsum va Ibrohimbeklar tarixi boʻyicha ilmiy tadqiqotlari hamda Rossiya OAVlari bilan hamkorligi orqali ham mashhur. Rossiya Ukrainaga bostirib kirishini oqlash uchun Ritterning bayonotlariga tayanadi.
Ritter MI-6 bergan “razvedka maʼlumotlari” qanday qilib BMTga uzatilgani, soʻngra nazorat ostidagi OAV orqali axborot maydoniga kirib borib, global ijtimoiy fikrni shakllantirganini ichkaridan turib kuzatgan. Ritter oʻzining keyingi bayonotlarida "Ommaviy murojaat" operatsiyasini jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishga qaratilgan psixologik urush vositasi deb baholagan edi.
Albatta, Britaniya razvedkasi yolgʻiz harakat qilmagan: operatsiya AQSh maʼmuriyatining noasmiy maʼqullashi fonida oʻtkazilgan. Bu ishga turli xalqaro tashkilotlar, shuningdek, ular bergan maʼlumotlarga ishongan jurnalistlar jalb qilingan. Bu puxta oʻylangan tashviqot kampaniyasi boʻlib, hatto eng skeptik tahlilchilarni ham ishontira oldi.
Manipulyatsiya natijalari: yolgʻonga asoslangan urush
Iroqqa bostirib kirish 2003 yil mart oyida boshlandi. Siyosatchilar va razvedka idoralari vahima bilan daʼvo qilgan OQQ topilmadi. Biroq endi buning ahamiyati yoʻq edi, urush qizgʻin pallasiga kirgandi. Hokimiyat jilovini ushlab turgan siyosatchilar oʻz ayblarini tan olishmadi. Buning oʻrniga, Iroqda OQQ mavjudligi haqidagi afsona "razvedka xatosi" deb izohlandi.
2005 yilda Skott Ritter "Maxfiy: Iroq" (Iraq Confidential) kitobini nashr etdi, unda butun “Ommaviy murojaat” operatsiyasining mohiyati batafsil ochib berilgan. Biroq Ritter eʼlon qilgan fosh etuvchi maʼlumotlar hech qanday natija bermadi. Yolgʻonga asoslanib urush boshlaganlar javobgarlikdan qutulib qolishdi. Ularning maqsadi haqiqat emas, balki siyosiy manfaatlarga erishish edi xolos.
Operatsiyaning Buyuk Britaniya va Iroq uchun oqibatlari
Britaniya “Ommaviy murojaat” operatsiyasi doirasida olingan maʼlumotlarga tayanib, 2003 yilda Iroqqa qarshi harbiy kampaniyada qatnashishga qaror qildi. Ammo hech qanday OQQ topilmagani hukumatga ishonchni kamaytirdi. 2003 yilda Buyuk Britaniya parlamenti Iroqqa bostirib kirish uchun asos boʻlgan "Iroq ishi" soxtalashtirilgani haqidagi gumonlar boʻyicha surishtiruv boshladi. Surishtiruv shuni koʻrsatdiki, Iroqdan kelayotgan tahdid haqidagi maʼlumotlar boʻrttirib koʻrsatilgan, bu hukumatning tanqidiga sabab boʻlgan va uning nufuziga putur yetkazgan.
Operatsiyaning Iroq uchun oqibati halokatli keldi. Mamlakat xaos ichida qoldi, yuz minglab odamlar halok boʻldi, infratuzilma vayron etildi va mintaqa beqarorlashtirildi. Bosqin, shuningdek, terrorchilik harakati va mazhablararo nizolarning kuchaydi, ularning oqibatlari bugungi kunda ham sezilmoqda.
Eng yomoni, Saddam Husayn rejimi agʻdarilgach, AQSh va Gʻarb inklyuziv hukumat doirasida islohotlarga turtki boʻldi. Natijada Iroqdagi shia siyosatchilari hukumat tepasiga chiqib oldi va bu nafaqat Iroqda, balki butun Yaqin Sharq mintaqasida Eronning taʼsiri kuchayishiga olib keldi.
Xalqaro munosabat
Xalqaro hamjamiyat “Ommaviy murojaat” operatsiyasining fosh etilishini qoralash bilan qarshi oldi. Koʻpgina davlatlar Buyuk Britaniya va AQShning harakatlaridan noroziligini bildirib, ularni harbiy tajovuzni oqlash uchun jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishda aybladi. 2003 yil 21 noyabrda BBC teleradiokompaniyasi Britaniya hukumati goʻyoki Iroqda OQQ mavjudligi haqidagi razvedka maʼlumotlarini ataylab boʻrttirib koʻrsatgani haqida material eʼlon qildi. Bu esa jamoatchilikda Britaniya hukumatiga nisbatan norozilik uygʻotib, rahbariyatga nisbatan tanqidlarning kuchayishiga sabab boʻldi.
2016 yilda ushbu mojarolar boʻyicha surishtiruv oʻtkazgan komisiya raisi ser Jon Chilkotning hisoboti chop etildi, unda Buyuk Britaniyaning “Ommaviy murojaat” operatsiyasi maʼlumotlariga ishonib Iroqqa bostirib kirishi xato deb topildi.
Hisobotda harbiy kampaniya boshlash toʻgʻrisidagi qaror ishonchsiz maʼlumotlar asosida qabul qilingani va harbiy boʻlmagan yechimlarga eʼtibor qaratilmagani taʼkidlangan. Bu hukumatga ishonchning yanada pasayishiga va mamlakat tashqi siyosat strategiyasining qayta koʻrib chiqilishiga olib keldi.
Shunday qilib, “Ommaviy murojaat” operatsiyasi nafaqat tarix rivojini oʻzgartirdi, balki dezinformatsiya global miqyosda qanday fojiali oqibatlarga olib kelishi borasidagi saboq boʻldi.
Haqiqatmi yoki...
Haqiqatni oshkor qiluvchilar koʻpchilikka yoqmaydi. Haqiqatmi yoki qasos yoʻlidagi tuhmatmi, bizga qorongʻu, lekin Ritter 2011 yilda voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqada va yana 5 ta jinoyat boʻyicha ayblanib, ozodlikdan mahrum etildi. Ritter aybini tan olmagan. Qamoqda 2,5 yil oʻtirganidan keyin, shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilingan.
Dunyo ibrat olmagan saboq
“Ommaviy murojaat” operatsiyasi hikoyasi shunchaki tarixdagi kichik epizod emas. Bu jamoatchilik fikrini boshqarish qanchalik oson ekani, bu yoʻl bilan qanchalik katta natijalarga erishish mumkinligi haqida ogohlantirishdir. Bu shuni koʻrsatadiki, hatto eng jiddiy urushlar ham haqiqiy tahdiddan emas, balki puxta ishlab chiqilgan axborot kampaniyasidan boshlanishi ham mumkin.
Biroq asosiy muammo shundaki, dunyo bu voqeadan saboq oladimi yoki u boshqa davlatda, boshqa bahona bilan, lekin xuddi shu usullar bilan yana takrorlanadimi-yoʻqmi, hech kim bilmaydi. Bu holat takrorlanmasligiga hech kim kafolat ham bermaydi.
Abulfayz Saydasqarov