Toshkentda koʻchmas mulkdan daromad olish koʻrsatkichlari pasaymoqda
Poytaxtda koʻp qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi 2024 yilning fevral oyidagi oʻrtacha 32,4%dan 7,6%gacha sekinlashdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida koʻp qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi oʻrganildi.
Uy-joyga investitsiya qilish – faqat koʻchmas mulkka egalik qilish emas, balki uzoq muddatli moliyaviy barqarorlik va daromad olishning ishonchli manbalaridan boʻlib kelgan.
Ushbu investitsiyaning asosiy mohiyati mulkning 2 xil daromad manbai orqali foyda keltirishida namoyon boʻladi:
1. Ijaraga berishdan olinadigan daromad;
2. Vaqt oʻtishi bilan mulk qiymatining oʻzgarishi orqali keladigan kapital foyda (zarar).
Ushbu ikki manba birgalikda nafaqat daromad keltiradi, balki investorga bozordagi oʻzgarishlarga moslashish imkonini ham beradi.
Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi tushib bormoqda. Xususan, joriy yilning yanvar oyida poytaxtda koʻp qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi 2024 yilning fevral oyidagi oʻrtacha 32,4%dan 7,6%gacha sekinlashdi.
Mazkur davrda koʻp qavatli uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi joylashgan hududi va xonalari soniga koʻra bir-biridan sezilarli darajada farqlanadi:
1 xonali: Mirobod – -1,7% (2024-yil fevral – 53,0 %), Bektemir – 54,3% (46,8 %);
2 xonali: Uchtepa – 2,6% (27,0 %), Yakkasaroy – 15,1% (24,2 %);
3 xonali: Bektemir – -5,5% (33,7 %), Yakkasaroy – 10,4% (22,8 %);
4 xonali: Bektemir – -7,3% (37,9 %), Chilonzor – 16,5% (19,8 %).
Uy-joylar narxi oʻzgarishidan olinadigan daromad. 2024 yil fevral oyida uy-joy va ijara narxlarining nisbatan koʻtarilishi (tushishi) hisobiga olinishi mumkin boʻlgan foyda Yakkasaroy, Bektemir va Chilonzor tumanlarida mos ravishda oʻrtacha 16,1%ni, 26,9%ni va 15,4%ni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yil yanvar oyida ushbu koʻrsatkichlar 3,0%, 2,8% va 0,3%gacha pasaydi. Shuningdek, Toshkent shahrida uy-joylar narxining oʻsishdan deyarli toʻxtashi va biroz arzonlashishi natijasida joriy yilning yanvar oyida uy-joylar narxi oʻzgarishidan olinadigan oʻrtacha daromad Shayxontohur (35,8 %dan -0,8 %ga) va Yunusobod (30,4 %dan -3,4 %ga) tumanlarida sezilarli darajada pasaygani kuzatildi.
Uy-joylarni ijaraga berishdan olinadigan daromad. Joriy yilning yanvar oyida uy-joylar ijarasidan olinadigan yillik oʻrtacha daromad Mirobod tumanida 10,0%ni (2024-yil fevral oyida – 10,4%), Mirzo Ulugʻbek tumanida 9,9%ni (10,6%), Shayxontohur tumanida 9,8%ni (11,6 %) tashkil etdi.
Ushbu koʻrsatkich ijara narxlari nisbatan arzonroq boʻlgan tumanlar – Olmazorda 8,9%ni (9,4%), Uchtepada 8,9%ni (8,6%) va Sergelida 8,9%ni (8,4 %) tashkil qildi.

Daromadlilik darajasi boʻyicha investitsion jozibadorligi yuqori hisoblangan 1 va 2 xonali xonadonlardan daromad olish imkoniyatlari ham tushib bormoqda. 2024 yilning fevral oyida 1 va 2 xonali xonadonlarga yoʻnaltirilgan investitsiyalarning daromadliligi mos ravishda 35,6%ni va 30,8%ni tashkil etgan boʻlsa, joriy yil yanvar oyida ushbu koʻrsatkich 14,3% va 7,5%gacha tushdi. Mazkur davrda 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik koʻrsatkichi sezilarli darajada pasaydi (mos ravishda 5,5% (2024-yil fevralida 33,0%) va 2,9% (30,3%)).
2024 yilning yarmidan boshlab uy-joyga investitsiyalar daromadliligi jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlardan olinadigan oʻrtacha daromadlilikdan past darajada shakllanib kelmoqda. 2023-2024 yillarda chet el valyutasidagi bank depozitlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 5% atrofida shakllangan boʻlsa, milliy valyutadagi depozitlar boʻyicha stavkalar 21-22% atrofida oʻzgarib turdi.

Rivojlanayotgan davlatlarda aholi jamgʻarmalarining uy-joyga yoʻnaltirilishi qisqa muddatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni oshirishi mumkin. Ammo, uzoq muddatda kapital bozorini rivojlantirish va aholi uchun diversifikatsiyalangan investitsiya imkoniyatlarini taqdim etish muhim. Shu yoʻl bilan aholi jamgʻarmalari nafaqat saqlanadi, balki milliy iqtisodiyotning turli sohalariga investitsiya qilingach, yanada jadal rivojlanish imkonini beradi.