platina.uz
Jamiyat

Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi bilan jinoiy til biriktirgan tadbirkor jarimaga tortildi

U sugʻorish tizimini oʻrnatish yuzasidan shartnoma tuzib, pullarni oʻzlashtirishga harakat qilgan. 

Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi bilan jinoiy til biriktirgan tadbirkor jarimaga tortildi

Jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tumani sudida XXX masʼuliyati cheklangan jamiyatining rahbari lavozimida ishlaydigan XX.ga jinoiy ish koʻrib chiqildi. Sud hukmi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Hujjatda maʼlum boʻlishicha, XX MChJ rahbari lavozimida ishlab kelib, Toshkent shahar Uchtepa tuman Obodonlashtirish boshqarmasi bilan tuman hududidagi Foziltepa koʻchasining Farhod koʻchasi kesishmasidan “Sofiya” doʻkoni boʻylab, 347.257.189 soʻmlik sugʻorish tizimini oʻrnatish yuzasidan shartnoma tuzgan. Lekin u qurilish ishlarini belgilangan muddatda toʻliq amalga oshirmasdan, jinoyat ishining bir qismi alohida ish yurituvga ajratilgan Uchtepa tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi bilan oldindan jinoiy til biriktirib, qalbaki hujjatlar asosida 30.329.918 soʻmlik byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilishga uringan.

Lekin dastlabki tergov davrida uning jinoiy qilmishi fosh qilinganligi sababli oʻziga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra jinoiy qilmishini oxiriga yetkaza olmagan.

Sudlanuvchi sodir etgan jinoyatlariga qisman iqrorlik bildirdi. Sud uning aybiga iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, oilada yagona boquvchi ekanligini, qaramogʻida 3 nafar farzandi borligini, turmush oʻrtogʻi shartnoma asosida oʻqishini, muqaddam sudlanmaganligini, oilaviy sharoitini, jinoyat oxiriga yetkazilmaganligi bois yetkazilgan moddiy zarar mavjud emasligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida baholadi.

Yakuniy hukmga koʻra, XX.ga JKning 25,167-moddasi 2-qismining “v,g” bandlari bilan JKning 57-moddasini qoʻllab, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, yaʼni 15.000.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi. Jarima davlat foydasiga undirilishi belgilangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid