Toshkentdagi bozorlarda kunlik yigʻimlar, ijara va xizmatlar narxi oʻzgardi
Sergeli avtomobil bozorida yengil mashinani sotish uchun joy toʻlovining (juma-yakshanba kunlari) bir sutkalik narxi 76 ming soʻm etib belgilangan.

Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqovning qarori bilan poytaxtdagi bozor va savdo komplekslarida undiriladigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovlari va xizmatlar narxi oshirildi.
Jumladan, bozorlarda yigʻib olinadigan yigʻim miqdorlari quyidagicha belgilandi: xoʻl mevalar (uzum, anor, olma va hkz) 18 ming soʻm (bir kunga 1 oʻrin uchun). Sitrus mevalar uchun bu narx 39 mingni tashkil etadi. Quruq mevalar uchun 40 ming soʻm, ziravorlar 29 ming soʻm, salqin ichimliklar 80 ming soʻm, qurilish materiallari (6 kv. metrgacha) 57 ming soʻm, 15 kv. metrgacha 80 ming soʻmni tashkil qiladi.
Bir bosh qoramol uchun 49 ming soʻm, qoʻy va echkilarga 33 ming soʻm toʻlanadi.

Qarorning ikkinchi ilovasida Sergeli bozorida transport vositalari uchun koʻrsatiladigan xizmatlar narxi keltirilgan. Jumladan, avtomobilni sotish uchun joy uchun toʻlov miqdori (juma-yakshanba kunlari) bir sutkalik narx 76 ming soʻm, yuk mashinalari uchun 85 ming soʻmni tashkil etadi.


"Oʻrikzor" savdo kompleksida oziq-ovqat doʻkonlarining bir metr kvadrati uchun oylik toʻlov 204 ming soʻm, nooziq-ovqat mahsulotlari uchun (1-2-3 bloklar) 170 ming soʻm, qolganlari uchun 162 ming soʻmni tashkil qiladi.
Bozorlar va savdo komplekslari balansidagi inshootlardan foydalanganda bir kv metr narxi oylik toʻlov quyidagicha: oziq-ovqat mahsulotlari uchun Aviasozlar bozorida 98 ming 20 soʻm, Mirobod bozorida 121 ming soʻm, Qoʻyliq dehqon bozorida 131 ming soʻm, Yunusobod dehqon bozorida 128 ming soʻmni tashkil qiladi. Qarorning 5-ilovasida narxlar toʻliq keltirilgan.
Qaror eʼlon qilingan kun (14 fevral)dan kuchga kirishi belgilangan.