platina.uz

Prezident olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha tanqidiy masalalarni koʻtardi

Olimpiya oʻyinlarida yengil atletika turlari boʻyicha 48 ta dastur bor. Lekin yengil atletika federatsiyasi soʻnggi olimpiadada 5 ta litsenziya qoʻlga kiritdi, xolos. 

Sport
13-fevral, 13:11
Prezident olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha tanqidiy masalalarni koʻtardi

Shavkat Mirziyoyev raisligida olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Parijda erishilgan natijalar bilan xotirjamlikka berilmaslik kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Los-Anjeles-2028 Olimpiya oʻyinlarida kuchli oʻntalikka kirish maqsad qilingan. Buning uchun mutasaddi rahbarlardan tortib, tuman hokimlarigacha barcha qattiq ishlashi kerakligi qayd etildi.

Olimpiya oʻyinlaridagi tarix faqatgina yakkakurash sport turlari bilan yozilayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Oxirgi Olimpiadada faqat 5 ta sport turi – boks, dzyudo, taekvondo, ogʻir atletika va erkin kurash boʻyicha medal qoʻlga kiritilgan.

Sport federatsiyalarining har biriga vazirlar va respublika tashkilotlari rahbarlari saylangan, lekin ayrimlarining faoliyati mavjud salohiyatga mos emasligi qayd etildi.

Viloyat, tuman, mahallaga borganda, sportchi va trenerlar bilan uchrashish, ularning muammosini hal qilish, xorijiy yoki xalqaro federatsiyalar rahbarlari bilan hamkorlik qilish, sportchi va murabbiylarni oʻquv mashgʻulotlariga yuborish ishlari sustligi tanqid qilindi.

Prezident mavjud salohiyat toʻliq ishga solinmayotgan sport turlariga alohida toʻxtaldi.

Masalan, badmintonda birorta litsenziya qoʻlga kiritilmagan. Kamondan otish sport turi boʻyicha bor-yoʻgʻi 3 ta litsenziya olingan.

Olimpiya oʻyinlarida yengil atletika turlari boʻyicha 48 ta dastur bor. Lekin yengil atletika federatsiyasi soʻnggi olimpiadada 5 ta litsenziya qoʻlga kiritdi, xolos.

Yadro, disk, nayza uloqtirish, sakrash sport turlarida birorta litsenziya olinmadi. Yoki, 49 ta suv sporti dasturidan bor-yoʻgʻi 4 tasi boʻyicha litsenziya qoʻlga kiritilgan.

Oʻq otish sportini rivojlantirish uchun mudofaa tizimi va “Vatanparvar” tashkilotida barcha sharoit yaratilgan. Lekin birorta sportchimiz Olimpiadaga bormadi.

Yurtimizda yakkakurash sport turlari, milliy kurash rivojlangan boʻlsa-da, yunon-rum kurashi boʻyicha atigi 3 ta litsenziya olingan.

Oʻtgan yili baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha jahon chempionati ilk bor yurtimizda oʻtkazildi. Lekin unda yurtimiz birorta ham medal qoʻlga kiritmadi.

Hokimlarning ham bu boradagi masʼuliyati umuman sezilmayotgani qayd etildi. Ular sport federatsiyalarining hududiy boʻlimlari rahbarlarini tanimasligi, sportchi va trenerlarni qabul qilmasligi, sportchilar xalqaro musobaqada natija qilganidan keyingina bundan xabar topishi koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, oʻtgan yili olimpiya sport turlari boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatlarida sportchilarimiz 58 ta medal qoʻlga kiritdi. Lekin Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo sportchilari bu chempionatlarda birorta ham medal olmagan.

Parij Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga qoʻlga kiritilgan litsenziyalar Navoiy va Qoraqalpogʻistonda eng kam.

Shu bois yondashuvlarni hozirdan oʻzgartirib, yoshlarni sportga, ayniqsa, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni seleksiya qilish, iqtidorli sportchi va murabbiylarni ragʻbatlantirish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Sportda adolat oʻrnatish, sportchi va murabbiylarga manfaat olib kelish va sohani raqamlashtirish mutasaddilar, sport federatsiyalari rahbarlari va hokimlar faoliyatini baholashda bosh mezon boʻlishi belgilab olindi.

Prezident olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini takomillashtirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Los-Anjelesdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Olimpiya qoʻmitasining hududiy boʻlimlarini tashkil etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Milliy Olimpiya qoʻmitasiga Prezident rahbar boʻlganidek, hududiy boʻlimlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.

Hokimlar har bir federatsiya bilan ishlab, olimpiya sikli uchun maxsus strategiyasini ishlab chiqadi va Milliy olimpiya qoʻmitasi huzurida himoya qiladi.

Barcha sport federatsiyalari rahbarlari va viloyat hokimlari amalga oshirayotgan ishlari va erishgan natijalari haqida har oyda Olimpiya qoʻmitasida hisobot beradi.

Sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Bu yilning oʻzida kamida 10 nafardan sportchi va murabbiylarni eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida oʻqitish muhimligi taʼkidlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+