Oʻzbekistonda dollar kursi tarixiy chegarani bosib oʻtdi
Iqtisodiy oʻsish surʼatlari kuchayishiga qaramasdan, milliy valyutaning zaiflashuvi hamma sohalarga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda.

Fevral oyi Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun yangi voqealarga boy boʻldi. 2025 yilning 14 fevralida dollarning Markaziy bank eʼlon qilgan rasmiy kursi ilk bor 13 000 soʻmlik psixologik chegaradan oshib, 13 003,95 soʻmga yetdi. Dollarning rasmiy kursi ketma-ket toʻrtinchi kun koʻtarildi. Bundan avval dollar kursi ketma-ket uch kun koʻtarilib, 12 989,07 soʻm boʻlgan edi. Bu hodisa nafaqat iqtisodchilar, balki oddiy fuqarolar orasida ham qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.
Dollar kursi koʻtarilishining asosiy omillari
Avval shuni taʼkidlash kerakki, kurs oshishining asosiy sababi – bu bozor iqtisodiyotining talab va taklif qonuniga muvofiq, AQSh dollariga boʻlgan talabning oshib borishi bilan bogʻliq. Maʼlumki, Oʻzbekistonda xorijiy valyutalarning kursi suzuvchi, yaʼni fond birjasidagi talabga koʻra belgilanadi. Biror valyutaga talabning ortishi uning nominal qiymati ortishiga sabab boʻlishi tabiiy jarayon.
Zero, Oʻzbekiston iqtisodiyoti yil sayin global bozorga yanada chuqurroq kirib bormoqda. Import hajmining oshishi esa dollarga boʻlgan talabni kuchaytirmoqda. Koʻplab kompaniyalar tovar va xomashyoni xorijdan sotib olishda dollardan foydalangani uchun milliy valyuta bosim ostida qolmoqda.
Qolaversa, migrantlar yuborgan pul oʻtkazmalarining kamayishi ham dollar kursining ortishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu odatda mavsumiy xarakterga ega boʻladi. Migrantlar Oʻzbekistonga kelib dam oladigan va kunlar ilib, yangi mavsum ochilishini kutadigan muddatda xorijdan pul joʻnatmalari kamayib ketadi. Ichki bozorda AQSh dollari hajmi kamayadi. Chunki Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun xorijdagi mehnat migrantlari tomonidan yuborilgan mablagʻlar juda muhim rol oʻynaydi. Oxirgi oylarda Rossiya va boshqa davlatlarda iqtisodiy noaniqliklar yuzaga kelishi, Rossiyada migrantlarga nisbatan talablarning qattiqlashuvi natijasida Oʻzbekistonga kelayotgan valyuta hajmi kamayadi, degan prognozlar ham mavjud edi.
Biroq migrantlarning kamayishi hisobiga ularga talab ham ortmoqda va Rossiyada mehnat haqining 2-3 baravargacha ortgani kuzatilmoqda. Qolaversa, xorijiy mehnat bozorining diversifakatsiya qilinishi, yaʼni mehnat muhojirlarimiz Rossiyadan boshqa, maoshlari nisbatan yuqori davlatlarda ishlayotgani xorijiy oʻtkazmalar hajmining pasayishiga emas, ortishiga xizmat qilmoqda. Masalan, oʻtgan yili qariyb 11 middiard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2025 yilda bu koʻrsatkichning 14 milliarddan ortishi kutilyapti.
Shu bois, mazkur omilni dollar kursi koʻtarilganiga taʼsir qildi deyish qiyin.
Bundan tashqari, inflyatsiya va ichki iqtisodiy jarayonlarga ham eʼtibor qaratish lozim. Chunki har qanday milliy valyuta qadrsizlanishida inflyatsiyaning taʼsiri katta. Soʻnggi paytlarda narx-navo oshib borayotgani va ishlab chiqarish xarajatlari ortishi ichki bozorda soʻmning qadriga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Iqtisodiy oʻsish surʼatlari kuchayishiga qaramasdan, milliy valyutaning zaiflashuvi hamma sohalarga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda.
Kelajakda nimalar kutilmoqda?
Iqtisodiyot va moliya vazirligining prognozlariga koʻra, 2025 yil davomida dollarning oʻrtacha kursi 13 250 soʻm atrofida boʻlishi kutilmoqda. Bu 2024 yilga nisbatan 4,8% oʻsish deganidir. Ayrim mustaqil tahlilchilar esa yil oxiriga borib dollar kursi 13 700 – 13 800 soʻmgacha yetishi mumkinligini taʼkidlashmoqda.
Shu bilan birga, Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning maʼlum qilishicha, 2025 yilda nominal valyuta kursida keskin oʻzgarish boʻlishi kutilmayapti. 2024 yilda soʻm dollarga nisbatan 4,7 foiz qadrsizlangan. 2023 yilda soʻm AQSh valyutasiga nisbatan 9,7 foizga, 2022 yilda 3,94 foizga qadrsizlanganini qayd etish joiz.
Albatta, yuqorida taʼkilangandek, dollar kursining koʻtarilishida Markaziy bankni ayblash yoki undan prognoz kutish notoʻgʻri. Chunki Markaziy bank valyuta kursi boʻyicha prognoz bermaydi. Mazkur regulyator faqat moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, keskin oʻzgarishlarning oldini olish uchun javobgar.
Shunday boʻlsa-da, Markaziy bankda xorjiy valyutalar nominal qiymati oʻzgarishining inflyatsiyaga taʼsiri oʻrganib boriladi. Eʼlon qilingan eng yangi maʼlumotlarga koʻra, valyuta kursining 1 foizga qadrsizlanishi inflyatsiyaga 0,3–0,4 foiz taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Tabiiyki, bunday sharoitda hukumat soʻm keskin qadrsizlanishining oldini olish uchun turli choralar koʻriladi. Jumladan, valyuta bozorida davlat ishtirokini kuchaytirish, inflyatsiyani pasaytirish va eksportni ragʻbatlantirish kabi yoʻnalishlarda faol ish olib boriladi. Agar dollar kursi keskin koʻtarilib ketsa, Markaziy bank ichki bozorga valyuta intervensiya qilish, yaʼni sotiladigan dollar hajmini koʻpaytirish orqali taklifning koʻpayishiga hissa qoʻshadi. Bu esa oʻz-oʻzidan kursni “jilovlab”, beqarorligining oldini oladi.
Qanday oʻzgarishlar arafasida turibmiz?
AQSh dollari, umuman xorijiy valyutalar nominal qiymatining ortishi import narxlarining oshib ketishiga sabab boʻladi. Chet eldan kelayotgan mahsulotlar, xususan, maishiy texnika, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari yanada qimmatlashishi mumkin. Bu esa isteʼmolchilar uchun jiddiy muammolar tugʻdirishi ehtimoldan xoli emas.
Shuningdek, mazkur vaziyat tashqi qarzlar yukining ortishiga olib keladi. Davlat va xususiy sektor tomonidan olingan tashqi qarzlar dollarda ekanini inobatga olsak, soʻm qadrsizlanishi natijasida ularga xizmat koʻrsatish xarajatlari ortadi, yaʼni ularni toʻlash qiyinlashadi.
Biroq dollar kursining ortishidan manfaat topadigan qatlam ham mavjud. Masalan, eksportchilar uchun bu qulay hamda foydali vaziyat. Milliy valyutaning zaiflashishi mahalliy mahsulotlarni xalqaro bozorda raqobatbardosh qiladi. Yaʼni, Oʻzbekistondan eksport qilinadigan toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlari tashqi bozorlarda arzonroq koʻrinish oladi, bu esa ishlab chiqaruvchilar uchun foyda keltiradi.
Umumuan olganda, dollar kursining oshishi – iqtisodiyotning tabiiy jarayoni. Bu Oʻzbekiston iqtisodiyotining xalqaro bozor bilan yanada chambarchas bogʻliq boʻlib borayotganini koʻrsatadi. Hukumat va iqtisodiy mutaxassislar soʻmning keskin qadrsizlanishining oldini olish ustida ish olib borayotgan boʻlsa-da, inflyatsiya va tashqi omillar oʻz taʼsirini davom ettirishi mumkin. Shunday ekan, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun har bir tadbirkor, investor va isteʼmolchi oʻz moliyaviy rejalarini mukammallashtirishi lozim.