platina.uz
Jamiyat

Bojxona qoʻmitasi mansabdorlariga jinoiy ish ochildi

Ular ovqatlanish bahonasida toʻplanib, turli diniy adabiyotlardan foydalangan holda noqonuniy jamoat koʻrinishidagi yigʻinlarni tashkil etishgan.

Bojxona qoʻmitasi mansabdorlariga jinoiy ish ochildi

Bojxona qoʻmitasi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, bojxona organlari tezkor xodimi va katta inspektori, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi va jamoat aʼzolariga Misrdan turib, onlayn tarzda diniy saboq bergan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX va IIV xodimlari Toshkent shahrida tezkor tadbir oʻtkazgan. Poytaxtdagi milliy taomlar oshxonalaridan birida tungi vaqtda bojxona idoralarining 3 nafar xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi, texnopark direktori oʻrinbosari, xususiy avtomaktab direktori oʻrinbosari, “Sergeli-avto” bozorida savdo bilan shugʻullanuvchi shaxslar va boshqalardan iborat jami 17 nafar fuqaro ovqatlanish bahonasida toʻplanib, turli diniy adabiyotlardan foydalangan holda noqonuniy jamoat koʻrinishidagi yigʻinlarni tashkil etishgan.

1976-2001 yillar oraligʻida tugʻilgan mazkur shaxslarning koʻpchiligi asli namanganlik boʻlib, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qilishadi.

Aniqlanishicha, Bojxona qoʻmitasining boshqarma boshligʻi oʻrinbosari dinga mutaassiblarcha berilib, 2021 yildan boshlab mazkur norasmiy diniy darslarni muntazam ravishda tashkil etib kelgan. U har bir dars uchun jamoat aʼzolaridan maʼlum miqdorda pul yigʻib, ustozlarga bergan.

Guruh aʼzolari 1989 yilda Namangan viloyatida tugʻilgan va hozirda Misrda boʻlgan shaxsdan “Telegram” messenjeri orqali onlayn tarzda saboq olishgan. Shuningdek, ularga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi ham offlayn tarzda diniy maʼruzalar oʻtgan.

Qolgan fuqarolar jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid