platina.uz
Jamiyat

Yongʻin, suv toshqini, zilzila va boshqalardan zarar koʻrgan oilalarga BHMning 150 baravarigacha yordam beriladi

Tuman (shahar) hokimliklari huzurida "Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik" jamgʻarmalari tuziladi. 

Yongʻin, suv toshqini, zilzila va boshqalardan zarar koʻrgan oilalarga BHMning 150 baravarigacha yordam beriladi

Yongʻin, zilzila va suv toshqinidan jabr koʻrganlarga yordam beriladi.

“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-17-son) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2025 yil 1 apreldan:

- “Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari orqali koʻrsatiladigan ijtimoiy yordamlar Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sogʻliqni saqlash boʻyicha ijtimoiy yordamlar esa – oylik daromadi oila aʼzolarining har biriga minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan koʻp boʻlmagan oilalarga ham taqdim etiladi.

Bunda madaniy-maʼrifiy, taʼlim, sport va turizm tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari tushumlarining 25 foizidan koʻp boʻlmagan qismini yoʻnaltirishga ruxsat beriladi;

“Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari orqali ijtimoiy yordamlar quyidagi tartibda koʻrsatiladi:

-oilalarni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha individual rejada kambagʻal oilalarning yoshlari va xotin-qizlariga muayyan ijtimoiy yordamlarning belgilanishi ushbu toifadagi shaxslardan qoʻshimcha murojaat talab etmagan holda “Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari hisobidan ijtimoiy yordamlar koʻrsatilishiga asos boʻladi;

-“Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari hisobidan ijtimoiy yordam koʻrsatishni soʻrab murojaat qilgan shaxslarning ijtimoiy holatini aniqlash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali, oilaning moliyaviy holatini esa – idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik ravishda baholash (skoring) natijalariga muvofiq amalga oshiriladi.

2025 yil 1 apreldan Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun “Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari orqali qoʻllab-quvvatlashning quyidagi yangi instrumentlari joriy etiladi:

- kamida 3 nafar xotin-qizlar, yoshlar va aholining boshqa ehtiyojmand toifalarining bandligi hamda ijtimoiy faolligini taʼminlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun tegishincha “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari hisobidan BHMning 60 baravarigacha grantlar ajratish;

- “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan:

-nogironligi boʻlgan yoshlarga parasport toʻgaraklariga qatnashishi uchun yoʻl haqi xarajatlarini har oyda BHMning 1 baravarigacha miqdorda qoplab berish;

-6 oy davomida muntazam ravishda sport va sanʼat toʻgaraklariga qatnashayotgan yoshlar uchun qiymati BHMining 10 baravaridan oshmaydigan maxsus sport forma, inventar, musiqa va cholgʻu asboblarini xarid qilish;

- yongʻin, suv toshqini, zilzila va boshqa texnogen hodisalar oqibatida zarar koʻrgan oilalarga uy-joylarini tiklash va taʼmirlash xarajatlarini qoplash uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali BHMning 150 baravarigacha boʻlgan miqdorda yordam koʻrsatish.

2025 yil 1 apreldan “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari orqali, 2025 yil 1 sentabrdan esa “Ayollar daftari” jamgʻarmalari orqali toʻlanadigan bir martalik moddiy yordamlar oʻrniga kam taʼminlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar toʻlanadi.

2025 yil 1 maydan “Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladi.

2025 yil 1 apreldan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam oʻrniga ushbu hududlarda yashovchi Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini oʻrnatish hamda ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.

Bunda subsidiya xarajatlarning 90 foizi, biroq BHMning 30 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda ajratiladi.

2025 yil 1 maydan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdoridagi bir martalik nafaqa puli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali toʻlanadi.

Tuman (shahar) hokimliklari huzurida "Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik" jamgʻarmalari tashkil etiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid