Tramp Putin bilan muzokaralar boshlashga kelishganini eʼlon qildi
AQSh va Rossiya yetakchilari oʻzaro telefon muloqoti oʻtkazdi. Unda Ukraina masalasi koʻtarilgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan telefonda gaplashganini aytdi. Kreml matbuot kotibi suhbatni tasdiqladi.
"Men hozirgina Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uzoq va juda samarali telefon orqali suhbatlashdim. Biz Ukraina, Yaqin Sharq, energetika, sunʼiy intellekt, dollarning mustahkamligi va boshqa mavzularni muhokama qildik", — deb yozdi AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmogʻida.
Trampning aytishicha, u va Putin ikki davlat jamoalari "zudlik bilan muzokaralarni boshlashi" haqida kelishib olgan.
"Men Davlat kotibi Marko Rubio, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Ratkliff, milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Maykl Vals va maxsus elchi Stiv Vitkoffdan muzokaralarga boshchilik qilishni soʻradim, ular muvaffaqiyatli oʻtishiga ishonchim komil", - deya qoʻshimcha qildi AQSh prezidenti.
Shuningdek, Tramp postida Putinning Vashingtonga, Trampning esa Moskvaga tashrif buyurishi mumkinligi muhokama qilinayotgani aytilgan.
Bundan tashqari, AQSh prezidenti Vladimir Zelenskiyni Putin bilan boʻlgan suhbat haqida xabardor qilishini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin va Tramp uchrashuvga tayyorgarlikni boshlashga kelishib olganini maʼlum qildi.
Peskov, shuningdek, Putin Trampni Moskvaga taklif qilganini tasdiqladi.