Aholiga koʻrsatilmagan xizmat uchun 18 mlrd soʻmdan oshiq qarzdorlik yozilgani maʼlum boʻldi
Holat maishiy chiqindi tashish xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq.

Isteʼmolchilarga belgilangan 18 mlrd soʻmdan oshiq qarzdorlik bekor qilinadi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan maishiy chiqindi tashish xizmati boʻyicha fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar oʻrganilib, tahlil qilish ishlari olib borilmoqda.
Qoʻmitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan viloyatda faoliyat olib boruvchi “NAMANGAN MUSAFFO IQLIM” MChJ va “TOZA HUDUD” DUKlarning 2024 yilning I-yarim yilligida maishiy chiqindi tashish xizmatlarini koʻrsatish sohasida qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.
Oʻrganishlarda, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan viloyatning 10 ta hududida joylashgan MFYdagi 1,1 mlndan ortiq isteʼmolchilarga 18 mlrd soʻmdan ortiq koʻrsatilmagan xizmat uchun haq hisoblanganligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga (“NAMANGAN MUSAFFO IQLIM” MChJ va “TOZA HUDUD” DUK) nisbatan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 19 va 21-moddalari talablari buzilganligi yuzasidan belgilangan tartibda ishlar qoʻzgʻatilib, ortiqcha hisoblangan 18 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻni qayta hisob-kitob qilinishi boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi, deyiladi Raqobat qoʻmitasi xabarida.