Ukrainani nima kutyapti: muzokaralar, umidlar va eng yomon ssenariylar
Yaqin istiqbolda qabul qilinajak har qanday qarorlar nafaqat Ukrainaga, balki butun Yevropa barqarorligiga va global siyosiy muvozanatga taʼsir qilishi mumkinligini tushunish oʻta muhim.

Ukraina. Qarshilik, jasorat va dard timsoliga aylangan mamlakat. Qariyb uch yildan buyon dunyo ahli bu zaminning oʻz mavjudligi, mustaqilligi va ozodligi uchun kurashayotganini kuzatmoqda. Ammo u global kurashning diqqat markazida qolar ekan, bir savol hamon ochiq turibdi: Ukrainani nima kutmoqda? Tinchlik sari yoʻl ochilyaptimi yoki oldinda hamon mashaqqatli sinovlar kutmoqdami? Bu mojaroga baxtli yakun yasaydigan hakamlik roli kimga nasib etadi?
Muzokaralar orqali tinchlik oʻrnatish: saʼy-harakatlarni kuchaytirish
2025 yil fevral oyidan beri xalqaro hamjamiyat Ukrainadagi urush muammosiga yechim topishga urinish borasida sezilarli faollashdi, ammo muzokaralar murakkab va nozik jarayon boʻlib qolmoqda. Yevropadan AQSh va Xitoygacha borgan sari koʻproq xalqaro oʻyinchilarni oʻz ichiga oluvchi muzokaralar qamrovi kengaymoqda va chuqurlashmoqda. Bu jarayon nafaqat diplomatik kanallar, balki dunyoning nufuzli yetakchilarini ham qamrab oladi.
Yangi diplomatik tashabbuslar
Yaqinda Rossiya va Ukraina yana ehtimoliy muzokaralar haqida signal beruvchi bayonotlar almashishni boshladilar. Bu mojaro yakuniga yetib borayotganini anglatmaydi, lekin davom etayotgan jangovar harakatlarga qaramay, tinch yoʻl bilan yechim izlashga intilish mavjudligining birinchi belgisidir. Yevropa Ittifoqi, BMT va Turkiya kabi davlatlar bu jarayonlarda faol ishtirok etib, vositachilik rolini taklif qilmoqda.
Biroq, bunday faollikka qaramasdan, muzokaralar hamon kuchli toʻsiqqa duch kelmoqda: tinchlikning badali har ikki tomon uchun qanchalik ogʻriqli boʻladi? Ukraina hududiy yaxlitlikka oid har qanday imtiyozlarni qatʼiyan rad etyapti. Rossiya uchun Qrim va Donbass masalasi ustuvor boʻlib qolmoqda. Va asosiy qiyinchilik aynan shu kelishmovchiliklarda yashirin.
Taʼkidlash joiz, Ukraina TIV maʼlumotlariga koʻra, Donbassdagi mojaro boshlangan 2014 yildan beri Ukraina oʻz hududining taxminan 14 foizini, jumladan, Qrimni hamda Donetsk va Lugansk viloyatlarining bir qismini yoʻqotgan. Janglarda 13 mingga yaqin odam halok boʻldi, 30 mingdan ortigʻi yaralandi. Bu maʼlumotlar mojaroni tinch yoʻl bilan hal etish nihoyatda qiyin kechishini tasdiqlaydi.
Umid va umidsizlik orasida
Vaziyat ustida osilib turgan qora bulutlarga qaramay, umid hamon oʻlmagan. Harbiy harakatlar boshlanganidan beri Ukraina, barcha fojialarga qaramay, harbiy va siyosiy barqarorlik sohasida ajoyib muvaffaqiyatlarga erisha oldi. Butun dunyo nafaqat harbiylarning qahramonligi, balki xalqaro maydondagi diplomatik saʼy-harakatlari evaziga Ukraina matonatiga guvoh boʻlmoqda.
Ayni paytda AQSh va Yevropa Ittifoqi Ukrainani qoʻllab-quvvatlashda davom etyapti. Qoʻshma Shtatlar Ukrainani katta moliyaviy va harbiy resurslar bilan taʼminlayotgani Kiyevga muhim strategik ustunlik beradi. AQSh davlat departamentiga koʻra, Amerika birgina 2023 yilda Ukrainaga 40 milliard dollardan ortiq yordam ajratgan. Oʻz navbatida, YeI 2024 yilda Ukrainaga 10 milliard yevro miqdorida yangi yordam paketini eʼlon qildi. Bu mablagʻlar mudofaani mustahkamlash, infratuzilmani tiklash va gumanitar yordam koʻrsatish uchun sarflanadi.
Mazkur voqealar fonida muzokaralar haqidagi ritorika munozaraligicha qolmoqda. Ayrim Yevropa davlatlari, jumladan, Germaniya va Fransiya, Kiyev bilan ochiq-oydin kelishmovchiliklarga qaramay, Rossiya bilan muloqot zarurligini tobora koʻproq talab qilmoqda. Ammo bir narsa aniq: Ukraina oʻz mustaqilligi va hududiy yaxlitligi masalasida yonbosish niyati yoʻq. Eng yomoni, agar tinchlik muzokaralari ijobiy yechim topmasa, Kiyev uzoq muddatli pozitsion urushni davom ettirishi mumkin.
Ayni sharoitda ekspertlar mojaroning hozirgi bosqichi kamida yana bir necha yil davom etadi deb oʻylashga moyil. Biroq, agar Gʻarb yordami saqlanib qolsa va Rossiyaga bosim kuchaysa, yangi diplomatik yutuqlarga erishish mumkin. Shu bilan birga, Rossiya postsovet hududida oʻz taʼsirini tiklash ambitsiyalarida toʻxtamasligi ehtimoldan yiroq emas, bu esa uzoq muddatli tinchlikka erishishni qiyinlashtiradi.
Eng yomon ssenariylar: muzokaralar natija bermasa-chi?
Ammo muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa-chi? Bu holda Ukraina uchun eng yomon ssenariylar qanday boʻladi?
1. Uzoq davom etuvchi urush: urush yillar davom etishi va Ukrainani minglab odamlar halok boʻlgan va iqtisodiyoti tanazzulga uchragan vayrona mamlakatga aylantirishi mumkin. Yordam berayotgan mamlakatlardagi ichki siyosiy muammolar va iqtisodiy inqirozlar hisobga olinsa, Gʻarbning yordami susayishini ham nazardan soqit qilmaslik kerak. Ukraina xalqaro kuchlarning ziddiyatli manfaatlari garoviga aylanishi mumkin.
2. Hududiy imtiyozlar: eng yomon holatda, Ukraina hududiy yon berishga majbur boʻlishi mumkin, ammo hozirgi siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda buni tasavvur qilish qiyin. Biroq Rossiya va xalqaro hamjamiyatning maʼlum bir qismining qattiq bosimi ostida Kiyev hukumati tinchlik yoʻlida murosaga borishga majbur boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas.
3. Xalqaro izolyatsiya: uzoq davom etgan mojaro va diplomatik saʼy-harakatlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda, Ukraina Gʻarb davlatlari uchun strategik hamkor sifatida jozibadorligini yoʻqotib, yakkalanib qolishi ham mumkin. Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATOga aʼzo boʻlishga intilayotgan boʻlsa-da, davom etayotgan janglar uning mavqeiga putur yetkazishi va xalqaro hamjamiyatga yanada integratsiyalashuviga toʻsiq boʻlishi mumkin.
Donald Trampning roli: AQSh prezidenti nimani taklif qilishi mumkin?
Oq uyga qaytib kelgan Tramp vaziyatdan foydalanib, Qoʻshma Shtatlarni oʻzi faol ilgari surgan “Birinchi navbatda Amerika” tamoyiliga qaytarishga harakat qilyapti. Tramp Ukrainaga yordamni qisqartirishga va Rossiya bilan munosabatlarda yanada pragmatik yondashuvni tiklashga, mojaroni diplomatik saʼy-harakatlar bilan hal qilishga intilmoqda. Shu paytgacha Tramp Putin bilan ancha-muncha masalalarni gaplashib olgani aytilyapti.
Jumladan, yaqinda Tramp va Putin Ukrainadagi urush haqida gaplashgani maʼlum boʻldi. AQSh prezidentining bildirishicha, suhbatning asosiy mavzusi, tabiiyki, Ukrainadagi urushni toʻxtatish boʻlgan. Tramp suhbat qancha vaqt davom etgani yoki bungacha necha marta muloqot qilgani haqida aniq maʼlumot bermagan.
Trampning taʼkidlashicha, Vladimir Putin ham Ukrainadagi mojaro tugashini va odamlar oʻlmasligini xohlaydi. Shuningdek, Tramp oʻzining aniq rejasi borligini va urushni toʻxtatish uchun tezkor choralar koʻrishni maqsad qilganini taʼkidladi: “Har kuni odamlar halok boʻlyapti. Men bu laʼnati narsaning yakuniga yetishini xohlayman”, degan AQSh yetakchisi.
Tramp, shuningdek, milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Mayk Valts bilan muloqotda muzokaralarni tezroq boshlash kerakligini taʼkidladi. “Biz uchrashuvlarni boshlashimiz kerak. Ular ham muzokara qilishni xohlayapti. Har kuni minglab yosh yigitlar oʻlyapti. Ular xuddi mening oʻgʻillarimdek yosh”, dedi u.
Oq Uy sohibi Rossiya va Ukraina oʻrtasida muzokaralar boshlash muhimligiga urgʻu berib, urushdan nafaqat harbiylar, balki butun dunyo aziyat chekayotganini qayd etdi. Urushni tugatish boʻyicha uning rejasi qanday ekani hozircha nomaʼlum, ammo Tramp muzokaralardan umid qilayotganini bildirdi.
Shu bilan birga, fevral oyi oxirida yaqin muhim xalqaro sammitlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Undan avval esa Tramp Zelenskiy bilan yuzma-yuz gaplashmoqchi. Shundan keyin Putin bilan uchrashuv oʻtkaziladi va boʻlajak tinchlik muzokaralarining mexanizmi aniq boʻladi.
Lekin Trampning radikal yechimlarga va qisqa muddatli yondashuvlarga moyilligi hisobga olinsa, tinchlik vaqtinchalik boʻlishi hm mumkin. Uning Rossiya bilan hamkorlikka qaytishi va Ukrainadan yon berish talablari Ukrainaning oʻzida ham, xalqaro maydonda ham jiddiy siyosiy inqiroz va toʻntarishlarga olib kelishi hech gap emas.
Qayd etish joiz, Tramp soʻnggi yillarda uning Ukraina borasidagi siyosati “Qoʻshma Shtatlar uchun yaxshiroq kelishuvga erishish”ga qaratilganini bir necha bor taʼkidlagan, biroq ushbu yondashuv Germaniya va Fransiya kabi Yevropadagi asosiy ittifoqchilarini ham gʻazablantirgan.
Biroq, nima boʻlganda ham, Tramp uzogʻi bilan 6 oy ichida Ukraina muammosi hal etilishini ishonch bilan gapirmoqda. Toʻgʻri, avval Tramp prezidentlikka qaytgan kuniyoq, Putin bilan gaplashishini aytgandi. Keyin esa tinchlik sulhiga erishish uchun 1 oylik, soʻngra 3 oylik muddat kifoya qilishini aytdi. Umid qilamizki, Tramp qoʻygan oxirgi muddat 6 oyga qolmasdan, Ukrainada osudalik va barqarorlik sari qadam qoʻyiladi.
Yaxshi urushdan yomon tinchlik yaxshi
Ayni paytda Ukraina muhim oʻzgarishlar ostonasida turibdi. Muzokaralar albatta zaruriy qadam, lekin oldinda koʻplab kutilmagan qiyinchiliklar, kelishmovchiliklar va tahdidlar poylab turibdi. AQSh, Yevropa va boshqa muhim oʻyinchilar yechim izlashda davom etayotir. Lekin har kuni “Ukrainani nima kutyapti?” degan savolning ehtimoliy javobi tobora murakkablashib bormoqda. Zero, yaqin istiqbolda qabul qilinajak har qanday qarorlar nafaqat Ukrainaga, balki butun Yevropa barqarorligiga va global siyosiy muvozanatga taʼsir qilishi mumkinligini tushunish oʻta muhim.
Qisqa qilib aytganda, Ukrainaning yaqin yillardagi taqdiri koʻplab omillarga bogʻliq. Ularning eng asosiylari muammoni nafaqat harbiy va diplomatik saʼy-harakatlar, balki dunyo va ayniqsa, AQShning yangi tahdidlarni toʻgʻri anglashi va ularni murosa yoʻli bilan hal qilishga qanchalik tayyor ekaniga ham aloqador boʻladi.
Abulfayz Sayidasqarov