platina.uz

Trampning savdo urushlari: sabab va oqibatlar

Oʻzbekistonga qaysi jihatlar bilan taʼsir qiladi? Dollarning keyingi mavhum taqdiri nima boʻladi?

Tahlil
10-fevral, 9:11
Trampning savdo urushlari: sabab va oqibatlar
Fotokollaj: Platina.uz

2025 yil AQShning yangi prezidenti Donald Trampning mojaroli farmonlari va rejalari bilan start oldi. Jumladan, Tramp global iqtisodiy munosabatlarni oʻzgartirishga qaratilgan savdo urushlarini boshladi. Bu harakatlar xalqaro hamjamiyatda keng norozilikka sabab boʻlgan vaziyat – Kanada, Meksika va Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga sezilarli boj tariflari joriy etishni oʻz ichiga oladi.

Vaʼdalar va belgilangan maqsadlar

Donald Tramp yangi tariflarni joriy etishni noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash, Meksika va Kanada bilan chegaralar orqali fentanil importining oldini olish, AQSh savdo kamomadini kamaytirish va mahalliy ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish zarurligi bilan asosladi. Meksika va Kanadadan (10% tarifga ega Kanada energetikasidan tashqari) barcha tovarlarga 25 foizlik bojlar, shuningdek, Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga 10 foizlik boj joriy etildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar

2025 yilning 1 fevralida Tramp yuqoridagi tariflarni joriy etish toʻgʻrisidagi farmonlarni imzoladi. Yangi tariflar shu yilning 4 fevralidan kuchga kirdi. Kanada va Meksika bilan olib borilgan muzokaralar natijasida tariflarni joriy etish 30 kunga kechiktirildi. Mazkur muzokaralar natijasida Meksika giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish uchun chegaraga 10 000 askarini yuboradigan boʻldi. Shuningdek, giyohvandlik kartellarini terrorchi tashkilotlar deb tan olishga vaʼda berdi.

Haqiqiy motivlar va maqsadlar

Tahlilchilarning qayd etishicha, Tramp oʻzining rasman eʼlon qilgan maqsadlaridan tashqari, ushbu tariflardan xorijiy hamkorlarga bosim oʻtkazish vositasi sifatida foydalanib, AQShning jahon savdosidagi oʻrnini mustahkamlashga intilmoqda. Iqtisodiy millatchilikning bu namoyishi amaldagi savdo kelishuvlarini Qoʻshma Shtatlar foydasiga qayta koʻrib chiqishga va maʼmuriyatning milliy manfaatlarni himoya qilish qatʼiyatini namoyish etishga qaratilgan.

Natijalar va oqibatlar

Tariflar Kanada va Meksikaning javob choralari koʻrishiga sabab boʻldi. Kanada 30 milliard Kanada dollari miqdoridagi Amerika tovarlariga 25% tarif belgiladi. Bu chegara keyinchalik 155 milliard dollargacha koʻtarilishi mumkin.

Meksika ham ayrim AQSh tovarlari importiga bojlarni oshirdi.

Xitoy Amerika tovarlariga, jumladan, neft, koʻmir va suyultirilgan gazga nisbatan javob bojlarini joriy qildi. Keyinroq esa AQShning bunday harakatlari ustidan Jahon savdo tashkiloti va xalqaro sudlarga shikoyat qilinishini bildirdi.

Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, bunday tariflar mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-sotiqni jiddiy ravishda buzishi, taʼminot zanjirlarini beqarorlashtirishi va isteʼmolchilar uchun narxlarni oshirishi taxmin qilinyapti. Trampning bunday qadamlari savdo oqimlarini qayta taqsimlashi hamda taʼminot zanjirlari qayta koʻrib chiqilishiga sabab boʻlishi hamda global bozorda yangi ittifoqlar yaratishi mumkin.

AQSh aholisi uchun qanday salbiy oqibatlar kutilmoqda?

Tariflar import qilinadigan tovarlar, xususan, avtomobillar, elektronika va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qimmatlashtiradi, bu esa amerikalik isteʼmolchilarga salbiy taʼsir qiladi. Oziq-ovqat va maishiy texnika narxlari oshishi, natijada inflyatsiya darajasi ortishiga sabab boʻladi. Asosan importga tayanadigan kichik korxonalar xarajatlarning oshishiga duch keladi, bu esa zavodlarning yopilishiga va ish oʻrinlari yoʻqolishiga olib kelishi aytilmoqda. Bu uzoq muddatda aholining xarid qobiliyati pasayishiga va ijtimoiy norozilikning kuchayishiga olib kelishi ham ehtimoldan xoli emas.

Yangi tariflarning joriy etilishi AQSh siyosiy manzarasiga taʼsir qiladi. Trampning yadro bazasi uning siyosatini qoʻllab-quvvatlasa-da, narxlarning sezilarli darajada oshishi uning maʼmuriyatining mustaqil saylovchilar orasida mashhurligiga putur yetkazishi mumkin. Demokratlar allaqachon savdo urushlarini Trampning iqtisodiy siyosatiga qarshi argument sifatida ishlatib, ularning oʻrta sinfga ehtimoliy zarariga ishora qilishyapti. Respublikachilar partiyasi ichida ham boʻlinish bor, ayrim biznes va erkin savdo tarafdorlari tariflarning salbiy taʼsiridan xavotir bildirishmoqda.

Trampning bu qarorlaridan keyin AQSh iqtisodiyoti qanday oʻzgaradi?

Ayni paytda bu borada turlicha iqtisodiy prognozlar eʼlon qilingan. Bir tomondan, tarif siyosati import qilinadigan tovarlar tannarxini oshirish orqali mamlakat ichida ishlab chiqarishning oʻsishini ragʻbatlantirishi prognoz qilinmoqda. Biroq, sheriklarning javob tariflari tufayli yuzaga kelgan ortiqcha va yuqori xarajatlar amerikalik ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligiga putur yetkazadi. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi va sanoat tarmoqlarida eksport hajmining pasayishi kutilmoqda. Bundan tashqari, yuqori narxlar isteʼmol talabini kamaytiradi, bu esa iqtisodiy oʻsishning sekinlashishiga olib keladi. Uzoq muddatli istiqbolda, agar savdo mojarolari hal etilmasa, AQSh iqtisodiyoti hatto tanazzulga yuz tutishi taxmin qilinmoqda.

Savdo urushlarining global iqtisodiyotga taʼsiri

AQSh savdo urushlari global bozorlarga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Yuqori tariflar noaniqlikning kuchayishiga, investitsiyalarning pasayishiga va butun dunyo boʻylab iqtisodiy oʻsishning sekinlashishiga olib keladi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun AQSh tariflarining joriy etilishi inflyatsiyaning oshishiga va AQShga eksportning pasayishiga olib keladi, oqibatda inqiroz yillaridan keyin iqtisodiy tiklanish sekinlashishiga guvoh boʻlamiz.

Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston uchun savdo urushlarining oqibatlari turlicha boʻlishi kutilyapti. Bir tomondan, Xitoy va Qoʻshma Shtatlardan tovarlarga talabning pasayishi xomashyo narxining pasayishiga olib keladi, bu esa mintaqadan neft, gaz va metallar eksportiga taʼsir qiladi. Boshqa tomondan, Oʻzbekiston va uning qoʻshnilari xavflarni minimallashtirishga intilayotgan Amerika va Xitoy kompaniyalariga muqobil bozorlarni taklif etish orqali vaziyatdan foydalanib qolishi, yaʼni Xitoy oʻrnini egallashga urinishi ham mumkin. Xususan, Toshkent Yevropa va BRIKS davlatlari bilan savdo aloqalarini mustahkamlashi, sanoat va logistika sohasiga koʻproq sarmoya jalb qilishi ayni muddao boʻladi.

Yirik kompaniyalar AQShga qaytadimi?

Trampning asosiy vaʼdalaridan biri – yirik ishlab chiqaruvchilarni AQShga qaytarish edi. Biroq, haqiqat shundaki, ishlab chiqarish global taʼminot zanjirlariga bogʻliq boʻlib qolmoqda va koʻtarilgan tariflar korxonalarning ommaviy qaytishini kafolatlamaydi. Kompaniyalar ishlab chiqarishni AQShga qisman koʻchirishlari ehtimoldan xoli emas, lekin bu katta xarajatlar va vaqtni talab qiladi. Bundan tashqari, Qoʻshma Shtatlardagi yuqori mehnat xarajatlari va qatʼiy qoidalar bunday oʻtishni iqtisodiy jihatdan imkonsiz qilib qoʻyadi. Ehtimol, baʼzi ishlab chiqaruvchilar Xitoydan ketib, Vetnam, Hindiston yoki Meksika kabi arzon narxlardagi boshqa mamlakatlarga koʻchib oʻtishi mumkin, ammo AQShga emas. Natijada, savdo urushlarining AQSh sanoat ishlab chiqarishiga ijobiy taʼsiri kamroq boʻladi va bu ish oʻrinlarining keng koʻlamli oʻsishiga olib kelmaydi.

Dollar gegemonligiga taʼsiri

Savdo urushlari AQSh dollarining global iqtisodiyotdagi hukmron roliga ham salbiy taʼsir qilishi kutilmoqda. Tarif bosimi va sanksiyalar siyosatining kuchayishi koʻplab mamlakatlarni xalqaro hisob-kitoblar uchun muqobil valyutalarni izlashga olib keladi. Masalan, Xitoy va Rossiya oʻzaro savdoda yuan va rubldan foydalanishni faol targʻib qilmoqda, BRIKS mamlakatlari esa muqobil toʻlov mexanizmlarini yaratish ustida ishlamoqda. Bunday qilinsa, Tramp bu mamlakatlarga ham moliyaviy jazolar koʻrishini aytib tahdid qildi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi AQSh sanksiyalarini chetlab oʻtish uchun INSTEX tizimini ishlab chiqmoqda. Agar bunday tendensiyalar kuchaysa, dollarning global taʼsirini zaiflashtirishi va AQSh davlat obligatsiyalariga boʻlgan talabni kamaytirishi mumkin, bu esa AQSh uchun qarz olish xarajatlarining oshishiga va mamlakat iqtisodiyotiga qarz yukining oshishiga olib keladi.

Shunga oʻxshash tendensiyalar tarixda avval ham kuzatilgan: 1970-yillardagi neft inqirozi davrida ayrim davlatlar valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilishga uringan, 2000-yillarda esa Eron neftni dollar oʻrniga yevroga sotishga uringan edi. Agar bunday jarayonlar kuchayib ketsa, dollarning global taʼsirini susaytirishi va AQSh davlat obligatsiyalariga boʻlgan talabni kamaytirishi mumkin.

Prognozlar

Mutaxassislarning prognoz qilishicha, savdo urushlarining davom etishi global iqtisodiy oʻsish surʼatlarining sekinlashuviga va inflyatsiya darajasining oʻsishiga olib keladi. Rossiya uchun bunday oʻzgarishlar istiqbolda eksport qilinadigan resurslarga boʻlgan talabning qisqarishi bilan bogʻliq xavflarni ham, savdo oqimlarini uning foydasiga qayta taqsimlash bilan bogʻliq imkoniyatlarni ham yaratishi taxmin qilinadi.

Zero, Tramp shu paytgacha erishilgan kelishuv va mavjud tartiblarga zid bormoqda, ularni oʻylab oʻtirmasdan buzmoqda. Koʻpchilik xalqaro tashkilotlardan chiqib ketishga ham jurʼat qilmoqda. Nafaqat xalqaro siyosat, balki jahon iqtisodiyotida oʻrnatilgan status-kvoni oʻzgartirishga qaratilgan bunday qadamlar keng koʻlamli moliyaviy va savdo urushlarini, ehtimol, xalqaro iqtisodiy inqirozlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Shundan keyingina yoxud Trampning qoʻrqinchli 4 yilllik prezidentlik muddati yakuniga yetganidan keyin, yangi tartibot va kelishuvlar vujudga kelib vaziyat birmuncha barqarorlashuvidan umid qilsa boʻladi.

Obrazli qilib aytganda, Tramp nisbatan tinch suzib ketayotgan jahon savdo tizimidan qoniqmay, uni chayqaltira boshladi. Bunday urinish yoki qayiqning choʻkishi, yoxud Tramp, yaʼniki AQShning suvga yiqilishiga olib kelishini nazardan soqit qilib boʻlmaydi.

Umuman olganda, Trampning 2025 yilda boshlangan savdo urushlari jahon iqtisodiyotiga taʼsir etuvchi muhim omilga aylanadi va ularning keyingi rivojlanishi tomonlarning oʻzaro murosaga kelish va yangi sharoitlarga moslashish qobiliyatiga bevosita bogʻliq boʻladi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+