Si Szinpin Moskvadagi paradda qatnashadi
Oʻz navbatida Putin ham Pekinga tashrif bilan borishi kutilyapti.

Moskva va Pekin XXR raisi Si Szinpin va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 80 yilligini nishonlash uchun oʻzaro tashrifiga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Bu haqda bugun, 10 fevral kuni boʻlib oʻtgan brifingda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov maʼlum qildi.
"Biz ushbu sanalarning ramziy maʼnosiga oʻsha muhim voqealar xotirasi, mamlakatlarimizning fashistlarga qarshi kurashga qoʻshgan hissasi uchun ham, ikki tomonlama munosabatlarimiz uchun ham katta ahamiyat beramiz. Shuning uchun hozirda bunday aloqalarga faol tayyorgarlik koʻrilmoqda", dedi Peskov jurnalistlarga.
Avvalroq Rossiyaning Xitoydagi elchisi Igor Morgulov Si Szinpin 9 mayga rejalashtirilgan gʻalabaning 80 yilligi munosabati bilan Moskvada oʻtkaziladigan tantanada ishtirok etish taklifini qabul qilgani haqida xabar bergan. Si Szinpin, shuningdek, sentabr oyi boshida rossiyalik hamkasbini Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalaba bayramini nishonlash uchun Xitoyga taklif qildi.
Si Szinpin Moskvaga oxirgi marta 2023 yilda tashrif buyurgan. Uning uch kunlik tashrifi mart oyida boʻlib oʻtgan va u ham Vladimir Putinning taklifiga binoan amalga oshirilgan.