2025 yil Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi
Shoir ijodini oʻrganish boʻyicha respublika tanlovi oʻtkaziladi.

Navoiy viloyatida 2025 yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi. Shuningdek, "Hazrat Navoiyni anglash – oʻzligimizni anglash” mavzusida respublika tanlovi oʻtkaziladi.
"Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targʻib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-43-son, 07.02.2025 y.) qabul qilindi
Qarorga koʻra, Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatida 2025 yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi.
Alisher Navoiy ijodiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi hamda chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Alisher Navoiy merosini oʻrganish ishlarini yanada yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida yurtimiz va chet ellarda tizimli asosda ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini eʼlon qilish, ushbu mavzuda yangi ilmiy, badiiy va ommabop asarlar yaratish, xorijdagi navoiyshunos olim hamda ijodkorlarning asarlarini oʻzbek tilida nashr etish choralarini koʻrish Respublika komissiyasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
“Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” anʼanaviy xalqaro simpoziumi va navoiyxonlik tadbirlari yuqori saviyada oʻtkaziladi.
Navoiy davlat universitetida 2025 yil 10–15 oktabr kunlari “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat maʼnaviy va maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkaziladi.
“Hazrat Navoiyni anglash – oʻzligimizni anglash” mavzusida respublika tanlovi, shuningdek, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda “Navoiyxonlik kechalari” tashkil etiladi.