Oʻtgan yili soʻm dollarga nisbatan 3,8 foizga qadrsizlandi
Rossiya rubli 16,8 foizga, Qozogʻiston tengesi 15,5 foizdan koʻproqqa va turk lirasi deyarli 16,6 foizga qadrsizlandi.

Oʻzbek soʻmi dollarga nisbatan asosiy hamkor davlat valyutalariga nisbatan kamroq qadrsizlandi.
2024 yil uchun nominal va real samarali almashuv kursi indekslari hisoblab chiqildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2024 yil uchun nominal (NEER) va real samarali almashuv kursi (REER) indekslari hisoblab chiqildi.
2024 yilda Oʻzbekiston uchun NEER va REER indekslarini hisoblashda savdo hamkorlar sifatida Oʻzbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida 83 foiz hissaga ega boʻlgan 20 ta mamlakat, bazaviy davr sifatida 2019-yilning yanvar oyi tanlab olindi.
2024 yilda Oʻzbekistonda real samarali almashuv kursi indeksi koʻtarildi. Xususan, 2024 yilning dekabr oyida REER indeksi 2023 yilning mos davridagiga nisbatan 4,8 bandga (106,6 dan 111,4 ga) koʻtarildi. Bunda, soʻmning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi oʻzgarishi taʼsiri 3,3 band boʻlgan boʻlsa, inflyatsiyaning taʼsiri 1,5 bandni tashkil etdi.
Taʼkidlash joizki, 2024 yilning dastlabki 9 oyida REER indeksi 104,1 va 105,7 oraligʻida shakllangan boʻlsa, IV-chorak yakuniga kelib III-chorak yakunidagiga nisbatan 6,6 bandga oshdi.
2024 yilda nominal samarali almashuv kursi 4,1 bandga (90,0 dan 94,1 ga) oʻsdi.
Iqtisodiyotda real samarali almashuv kursining koʻtarilishi, boshqa omillar oʻzgarmas deb qaralganda, eksport narxlarining qimmatlashishi va import narxlarining arzonlashishiga olib kelishi mumkin.
2024 yilda REER indeksining oshishiga taʼsir etuvchi muhim omillardan biri sifatida asosiy savdo hamkorlar boʻlgan davlatlar milliy valyutalarining AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanishi oʻzbek soʻmi qadrsizlanishiga nisbatan yuqori ekanligini keltirish mumkin.
Maʼlumot uchun: 2024 yilning yanvar-dekabr oylarida soʻmning AQSh dollariga nisbatan nominal kursi 3,8 foizga qadrsizlangan boʻlsa, Rossiya rubli 16,8 foizga, Qozogʻiston tengesi 15,5 foizdan koʻproqqa va turk lirasi deyarli 16,6 foizga qadrsizlandi. Bu oʻz navbatida, REER indeksining 3,3 bandga oʻsishiga taʼsir oʻtkazdi.
Shuningdek, 2024-yilda Oʻzbekistondagi narxlar darajasi dinamikasi va asosiy savdo hamkorlarimizdagi makroiqtisodiy tendensiyalar orasida farqning yuzaga kelishi REER indeksining oʻsishiga taʼsir etdi.
2024 yilda Oʻzbekistonda inflyatsiya darajasi 9,8 foizni tashkil etgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich Rossiyada 9,5 foizga, Qozogʻistonda 8,6 foizga va Xitoyda 0,2 foizga teng boʻldi. Inflyatsiya omilining REER indeksiga taʼsiri 1,5 bandni tashkil etdi.