Oʻzbekiston Somali bilan diplomatik aloqalar oʻrnatdi
Mazkur davlat Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan 157-mamlakatga aylandi.

Oʻzbekiston va Somali oʻzaro diplomatik munosabat oʻrnatdi.
Nyu-York shahrida Oʻzbekiston va Somali oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma kommyunike imzolandi.
Hujjatni Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Somalining BMTdagi doimiy vakili Abukar Dahir Usmon imzoladi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan institutlari doirasida hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini topish maqsadida ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Somali Federativ Respublikasi Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan 157-davlatga aylandi.
Eslatib oʻtish kerakki, Oʻzbekiston 2024 yilda Afrika, Amerika va Yevropaning 12 ta davlati bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan.