Isroil Gʻazo aholisini hududdan chiqarib yuborish uchun reja tuzishni boshladi
Avval AQSh prezidenti Donald Tramp falastinliklarni Gʻazo sektoridan chiqarib yuborish rejasi haqida gapirgan va tanqidga uchragan.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats mudofaa kuchlariga anklavni tark etmoqchi boʻlgan Gʻazo aholisiga hech qanday toʻsiqlarsiz chiqib ketish imkonini beruvchi rejani ishlab chiqishni topshirdi. Bu haqda The Jerusalim Post xabar berdi.
"Reja chegaradan oʻtish joylari orqali chiqish variantlarini, shuningdek, dengiz va havo yoʻllari uchun maxsus mexanizmlarni oʻz ichiga oladi", — dedi mudofaa vaziri.
Kats, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning falastinliklarni Gʻazo sektoridan chiqarib yuborish rejasini qoʻllab-quvvatladi va ular anklavni tark etish huquqiga ega boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Kats istehzoli tarzda falastinliklar koʻchib oʻtishi mumkin deb hisoblagan davlatlar qatorida Ispaniya, Irlandiya, Norvegiya va Isroil va HAMAS oʻrtasidagi urush haqida "yolgʻon ayblovlar uyushtirgan" boshqa davlatlarni nomini keltirdi.
Shuningdek, bu mamlakatlarning barchasi Falastin davlatchiligini tan olishini eslatdi.
AQSh rahbari Donald Tramp avvalroq Gʻazo aholisi Misr va Iordaniya yoki boshqa mamlakatlarga koʻchirilishi kerakligini aytgan edi. U AQSh anklav ustidan nazorat oʻrnatishi, "xavfli bombalar va boshqa qurollarni zararsizlantirish" va Gʻazo sektorini qayta qurish gʻoyasini ilgari surdi. Biroq Amerika prezidentining bu tashabbusi dunyoning koʻplab davlatlari rahbarlari tomonidan tanqid qilindi.