platina.uz
Jamiyat

Gulnora Karimova ishi boʻyicha 182 mln dollar qaytariladi

Ushbu pullar 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan qoʻzgʻatilgan ish doirasida musodara qilingan. 

Gulnora Karimova ishi boʻyicha 182 mln dollar qaytariladi

Gulnora Karimova ishi doirasida Shveysariyadan 182 mln dollar qaytariladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

6 fevral kuni Toshkentda Oʻzbekiston tomonidan adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariya tomonidan Shveysariyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Konstantin Obolenskiy oʻrtasida "Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitim" imzolandi.

Bitim doirasida taxminan 182 mln dollar miqdoridagi mablagʻlar Oʻzbekistonga qaytarilishi belgilangan.

Mazkur mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan boʻlib, 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ish yurituvi doirasida toʻlaqonli musodara qilingan edi.

Mablagʻlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Uzbekistan Vision 2030 Fondi" Koʻp sheriklik trast jamgʻarmasi orqali qaytariladi.

Taʼkidlash lozimki, muqaddam 2022 yil 16 avgustda Shveysariyaning Bern shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi oʻrtasidagi "Shveysariya Konfederatsiyasi hududida musodara qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni Oʻzbekiston Respublikasi aholisining manfaatlari yoʻlida qaytarish usullari toʻgʻrisidagi bitim" imzolangan. Ushbu bitim noqonuniy orttirilgan aktivlarni BMTning "Uzbekistan Vision 2030" deb nomlangan Koʻp sheriklik trast Jamgʻarmasi orqali Oʻzbekistonga qaytarish mexanizmi hamda asosiy tamoyillar va maqsadlarni belgilaydi.

Mazkur ishlar doirasida 2022 yil avgustda imzolangan birinchi bitim taxminan 131 mln dollar miqdoridagi mablagʻlarni Oʻzbekistonga qaytarilishini nazarda tutadi.

Yangi bitim imzolanishi bilan Oʻzbekiston aholisining manfaatlari yoʻlida qaytarilgan mablagʻlarning jami miqdori 313 mln dollarga yetadi.

"Uzbekistan Vision 2030 Fondi" orqali qaytarilayotgan mablagʻlar Oʻzbekiston aholisining manfaatlari uchun, xususan sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid