Oʻzbekiston Petronas korporatsiyasi bilan hamkorlik qiladi
Korporatsiya neft-gaz, neft-kimyo va qayta tiklanuvchi energetika sohalarida yetakchilardan biri hisoblanadi.

Oʻzbekiston neft-gaz, neft-kimyo va qayta tiklanuvchi energetika sohalarida yetakchilardan biri boʻlgan Petronas korporatsiyasi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantiradi.
Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim Petronas korporatsiyasi bosh qarorgohi – Twin Towers binosiga tashrif buyurib, kompaniya prezidenti Muhammad Tavfiq bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Shavkat Mirziyoyev xomashyoni chuqur qayta ishlash va "yashil" energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi istiqbolli rejalarni qoʻllab-quvvatladi.
Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini oʻzlashtirish, karbonat angidrid gazini ushlab qolish va saqlash boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, Petronas universiteti negizida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga eʼtibor qaratiladi.