platina.uz
Jamiyat

Qashqadaryo, Sirdaryo hamda Andijondan 8,5 mingga yaqin murojaat kelib tushdi

Kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi sud-huquq, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, bandlik, moddiy yordam bilan bogʻliq. 

Qashqadaryo, Sirdaryo hamda Andijondan 8,5 mingga yaqin murojaat kelib tushdi

Prezident topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi oʻtgan bir hafta mobaynida Qashqadaryo, Sirdaryo hamda Andijon viloyatlarining eng olis va chekka hududlarida oʻz faoliyatini davom ettirdi.

Ishchi guruhlari tomonidan aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir etuvchi omillarni bartaraf etish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish kabi yoʻnalishlarda amaliy ishlar olib borildi.

Ishchi guruh tarkibiga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi boshchiligida Oliy Sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Mudofaa, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Sogʻliqni saqlash vazirliklari va boshqa qator idoralardan masʼul rahbar va xodimlar jalb etildi.

Aholi muammolarini tezkorlik va samarali hal etish maqsadida joylarda 700 ga yaqin sayyor qabullar oʻtkazilib, ularda 8,5 mingga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Shulardan 5,5 mingga yaqini joyida oʻz yechimini topdi, qolgan qismi esa, qoʻshimcha oʻrganish, vaqt va mablagʻ talab qilgani sababli ijro uchun nazoratga olindi.

Kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi sud-huquq, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, bandlik, moddiy yordam, kommunal va infrastruktura bilan bogʻliq masalalar bilan bogʻliq boʻldi.

Xususan, kelib tushgan murojaatlar asosida mahallalarda 52 km ichki yoʻllar asfaltlashtirildi, shagʻallashtirildi, 78,1 km uzunlikdagi elektr tarmogʻi hamda 62 ta transformator taʼmirlandi, 503 dona temir-beton ustun oʻrnatilib 47 km elektr uzatish tarmogʻi tortildi.

Respublika ishchi guruhi vakillarining xonadonbay oʻrganishlari natijasida esa 2 mingdan ziyod xonadonlarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, koʻmir yoqilgʻisi bilan bogʻliq muammolar bartaraf etildi, 200 ga yaqin gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi, qoʻshimcha 178 mingta suyultirilgan gaz ballonlar tarqatildi.

Bundan tashqari, hududlardagi maktab, bogʻcha va oilaviy poliklinikalarda issiqlik tizimlari koʻzdan kechirilib, kamchiliklari bartaraf etildi.

Joylarda ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida olib borilgan ishlar natijasida minglab fuqarolar ish bilan taʼminlandi.

Xususan, ishsizlik va kambagʻallik darajasi yuqori hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ogʻir, chegara va olis hududlarda joylashgan jami 118 ta mahallada mehnat yarmarkalari oʻtkazildi va ishsiz fuqarolar boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirildi.

Bundan tashqari, “Gʻijduvon tajribasi” asosida rejalashtirilgan 469 ta loyihadan 34 tasi ishga tushirildi va 735 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Tijorat banklari tomonidan “Sayxunobod tajribasi” asosida jami 113,9 mlrd soʻm miqdoridagi 4,9 mingta mikroloyihalar amalga oshirildi va 11 mingga yaqin aholining bandligi taʼminlandi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 1,4 mingga yaqin fuqarolarga jami 23,5 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. “Uychi tajribasi” asosida “mijozbay” ishlash orqali 5,6 mingdan ziyod fuqaroga doimiy ish oʻrni yaratildi.

Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi masʼullari tomonidan mahallalarida xotin-qizlar oʻrtasida “Qadriyatlarimiz – bebaho boyligimiz”, “Jaholatga – qarshi maʼrifat” kabi mavzularda targʻibot tadbirlari va sport musobaqalari oʻtkazildi, 151 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga tikuv mashinalari va asbob-uskunalar taqdim etildi.

Respublika ishchi guruhi Surxondaryo, Jizzax va Fargʻona viloyatlarida oʻrganishlarni amalga oshiradi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid