Oʻzbekistonda kambagʻallik chegarasi yangilandi
2025 yil uchun hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming soʻmni tashkil etdi.

Oʻzbekistonda kambagʻallik chegarasi yangilandi. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
Oʻzbekistonda 2025 yil uchun hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming soʻmni tashkil etdi (+3 foiz). Bungacha 648 ming soʻm edi.
Minimal isteʼmol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibiga asosan, kelgusi yil uchun minimal isteʼmol xarajatlari oziq-ovqat, nooziq-ovqat, mahsulotlari va xizmatlar narxlari darajasidan kelib chiqib, indeksatsiya qilib boriladi.
Jahon tajribasida minimal isteʼmol xarajatlari koʻrsatkichidan kambagʻallik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan boʻlib, mazkur koʻrsatkichdan:
-davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy koʻmaklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
-kambagʻallikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
-pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambagʻal oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy koʻmaklarni koʻrsatishda mezon sifatida foydalaniladi.