Gaz, elektr va suv taʼminoti idoralari xodimlari ushlandi
"Yangihayottumangaz" gaz taʼminoti boʻlimi ustasi qarzdorlikni yoʻqotish evaziga 1000 dollar olayotganda qoʻlga olindi.

Tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi taʼminotidan qarzdorliklarni yoʻq qilib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangihayot tumani boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Yangihayottumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi mahallada ishlash xizmati ustasi B.R. fuqaro A.A.ning xonadonida tabiiy gaz taʼminotidan 24 mln soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishi evaziga 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Energosavdo” filiali Andijon boʻlinmasi elektromontyori F.P. norasmiy yordamchisi sifatida ishlatib kelgan tanishi A.A. bilan fuqaro Ya.Yu.ning xonadonida elektr taʼminotidan hisoblangan 5 mln soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishlari evaziga 2,5 mln soʻm pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Departamentning Davlatobod tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “N.S.T.” MChJ Yangi Namangan tumani boʻlimi nazoratchisi A.V. fuqaro M.A.ning xonadonida ichimlik suvi taʼminotidan 12 mln soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishi evaziga 2,6 mln soʻm pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.