Prezident Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirishni topshirdi
Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash boʻyicha topshiriqlar berdi.
Bugun, 3 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Mudofaa vaziri qoʻshinlar jangovar shayligi va qobiliyatini oshirish, qism va boʻlinmalarni har tomonlama tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash, shuningdek, Mudofaa sanoati agentligi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida hisobot berdi.

Mamlakat rahbariyati tomonidan armiyaning jangovar salohiyatini va shaxsiy tarkibning maʼnaviy-ruhiy holatini har tomonlama mustahkamlash, qurol-yarogʻ va harbiy texnikani modernizatsiya qilish, shuningdek, mudofaa sanoati korxonalarini rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Jangovar va tezkor tayyorgarlik tadbirlarini jadallashtirish, harbiy korxonalarning ofitser kadrlari va muhandis-texnik tarkibini professional oʻqitish tizimini takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.