platina.uz

Ochilmagan sirlar: arvohlar bilan muloqot (video+foto)

Avvaliga u shubhalarimni rad etdi, lekin qayta-qayta soʻrayverganimdan keyin, bosim ostida u 1911 yilda 21 yoshida choʻkib ketgan qizning arvohi ekanini tan oldi. Qizning ruhi Xolifkotga Internetda yolgʻiz oʻzi emasligini aytgan.

Maqola
3-fevral, 8:54
Ochilmagan sirlar: arvohlar bilan muloqot (video+foto)
Fotokollaj: Platina.uz

Oʻtgan yil boshlarida Internet tarmoqlariga joylangan bir video katta shov-shuv va muhokamalarga sabab boʻldi.

AQShning Rod-Aylend shatatida shaxsi nomaʼlum haydovchi Tesla avtomobilida uyi yaqinidagi qabristondan oʻtgan yoʻl boʻylab harakatlanayotgan boʻlgan. Bir payt Tesla avtomobiliga oʻrnatilgan, sunʼiy intellekt bilan bogʻlangan videosensorlar mashina ichidagi monitorda yurib ketayotgan odamlarning shakllarini aks ettira boshlaydi. Biroq avtomobil atrofida hech zogʻ yoʻq edi.

Videoda koʻrinib turganidek, haydovchi va avtobilda oʻtirgan haydovchilar qoʻrquvdan qichqira boshlaydi. Ular atrofga sinchiklab qarashsa-da, odamlarni koʻrishmaydi – faqat eski qabr toshlari soʻppayib turardi xolos.

Bu tajribani boshqa haydovchilar ham amalga oshirgan va deyarli shunday natijaga guvoh boʻlishgan.

Rossiyalik haydovchilar ham bu hodisani sinab koʻrib, uning rostligini isbotlashdi.

Maʼlumki, Tesla markaziy displey ekranida yaqin atrofdagi obʼektlarni, jumladan, piyodalar va boshqa transport vositalarini koʻrsatish uchun sensorlar, tashqi kameralar va mashinani koʻrish dasturidan foydalanadi. Bu avtomobilga yarim avtonom haydash – avtopilot funksiyalarini bajarish imkonini beradi.

Tesla oʻzining "Pasxa tuxumlari" funksiyasi – avtomobil tizimlariga oʻrnatilgan kutilmagan hazillashuv funksiyalari bilan ham mashhur. Masalan, agar mashina nomini 42 ga oʻzgartirsangiz, bu raqamlar oʻrniga tizim "hayot, koinot va shunga oʻxshash narsalar" soʻzlarini koʻrsatadi. Bu Duglas Adamsning kulgili ilmiy-fantastik romaniga havola hisoblanadi.

Biroq oʻzini Tesla xodimi deb daʼvo qilgan haydovchining aytishicha, sodir boʻlayotgan voqea “Pasxa tuxumi” boʻlishi mumkin emas, chunki u bu qabriston yonidan birinchi marta haydab oʻtayotgani yoʻq.

Mashinaning displeyida paydo boʻlgan “arvohlar” haqida hozircha rasmiy izoh yoʻq. Biroq bu paranormal hodisa emasligi aniq.

StudyFinds ilmiy-ommabop veb-sayti bu hodisaga bir nechta ishonchli izohlarni taklif qildi, jumladan, dasturiy taʼminotidagi nosozlik va sensorli tizimning adashuvlari buning sababi boʻlishi mumkin.

Mashina datchiklari qabr toshlari, ulardagi odam suratlarini, daraxtlar yoki boshqa narsalarni “odamlar” deb “oʻylab” adashib aniqlashi mumkin. Bunga yorugʻlikning yetishmasligi va ob-havo sharoiti ham hissa qoʻshgan boʻlishi tabiiy.

Yana boshqa Internet foydalanuvchilarining fikricha, avtomobildagi sensorlar qabrlardagi yangi oʻliklarning chirish jarayonida chiqadigan tovush va boshqa fizik-kimyoviy hodisalarni sezib, “ularni tirik odam chiqaryapti”, deb “oʻylagan” boʻlishi ham mumkin.

Elektromagnit qurilmalar va ruhlar

Nima boʻlganda ham, odamzot mavhumlikdan qoʻrqadi, uni oʻrganishga intiladi. Narigi dunyo bilan aloqa qilish haqidagi tushunchalar qadim zamonlardan boshlab insonlarni qiziqtirib kelgan. Afsonalar, rivoyatlar va diniy eʼtiqodlar orqali insonlar ruhlar, jinlar va boshqa nomaʼlum, koʻrinmas mavjudot hamda kuchlar bilan aloqa oʻrnatishga urinishgan. Ammo zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi bilan bu urinishlar yangi davrga kirdi.

Masalan SI rivojlanishi bilan, 2023 yilda oʻlgan odamlarning “raqamli muloqot nusxasi – raqamli klonini” tiklash avj oldi. Yaʼni, odamning umri davomida internetda yoki boshqa joylarda qoldirgan izlari – postlar, qiziqishlar, oʻqigan va koʻrgan videolari, boʻlishgan yangiliklari, chatlardagi yozishmalari maxsus SI dasturiga yuklanadi. SI bular asosida shunday obraz chat-boti yaratadiki, siz u bilan gaplashganda xuddi oʻsha odam kabi javob beradi, savol beradi, fikr bildiradi. Yaʼni bu chat-bot oʻsha odam bilgan deyarli xamma narsani (aslida siz yuklagan maʼlumotlarni) biladi. Bu albatta, oʻsha odamning oʻlgunicha boʻlgan xulq-avtoriga mos keladi. Biroq u tirik boʻlganida yanada rivojlanishi, bu xulq-atvor va dunyoqarash oʻzgarishi ham mumkinligi inobatga olinmaydi.

SI hatto oʻsha odam bilan telefonda “gaplashish” imkonini beradi. SI xuddi oʻsha odam tovushi va gapirish uslubi va boshqa parametrlariga taqlid qilib gaplashadi.

Biroq bular haqiqiy “arvohlar” bilan gaplashishning oʻrnini bosa olmaydi, albatta. Masalan, siz bu chat-botdan u qanday oʻlgani va nimalarni his qilganini va boshqa uning oʻzi biladigan, oshkor qilmagan maʼlumotlarni soʻray olmaysiz.

XIX asr: spiritizm seanslari

XIX asrda spiritizm deb nomlangan harakat keng tarqalgan edi. Insonlar mediumlar – vositachilar orqali ruhlar bilan aloqa oʻrnatishga urinishgan. Bu davrda elektromagnit asboblarning paydo boʻlishi yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Ular asosan Uiji taxtasidan (inglizcha – Ouija board) foydalanishgan.

Yaʼni, medium biroz tayyogarlikdan soʻng biror arvohni chaqiradi va unga savol beradi. Agar arvoh “kelsa”, trans holatida turgan mediumning qoʻllaridagi koʻrsatkich – mediator (gitara, rubob va boqa simli cholgʻu asboblarini chertuvchi uchli ovul buyum – mediator nomi ham shundan olingan – muallif) ushbu taxtadagi harflar boʻylab “oʻz-oʻzidan” sirgʻala boshlaydi. Koʻrsatilgan harflarni ketma-ket oʻqish orqali “arvoh”ning javobi aniqlanadi.

Uinston Cherchill va Angliyaning soʻnggi jodugari

Koʻpgina mashhur odamlar ham spiritizmga – arvohlar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ishonishgan. Hatto Angliya bosh vaziri Uinston Cherchill (1874-1965) ham spiritizm bilan bogʻliq mojaroga aralashib qolgan.

Gap shundaki, oʻsha davrning eng mashhur ayol mediumi Helen Dunkan (1897-1956) Angliyada yashagan. U 1941 yilda, ikkinchi jahon urushi davrida HMS Barhgam harbiy kemasining choʻktirilishi haqida oldindan xabar berdi. Deyarli ming kishining hayotiga zomin boʻlgan dengiz fojiasi ayol bashorat qilganida faqat juda tor doiradagi odamlarga maʼlum sir edi. Helen choʻkib ketgan kemadan dengizchilardan birining ruhini chaqirgan. Arvoh ularga kemalarini fashistlarning suv osti kemasi choʻktirganini aytgan.

Razvedka xodimlari bundan hayratda qolishadi. Helen darhol hibsga olinadi. Uni jazolash uchun qonuniy asos sifatida 200 yil avval – nasroniy cherkov inkvizitsiyasi va “Shayton malaylari – alvasti va jodugarlarga qarshi kurash” davrida chiqarilgan qonunni topib, ayolni Shayton bilan aloqada ayblashdi. Shuningdek, uni xoinlikda ham ayblashgan. Guvohlar Helen Dunkan josus emasligini aytishgan boʻlsa-da, u jazodan qutulib qolmadi. Uinston Cherchillning shaxsan oʻzi sudyalarni "koʻzni qamashtiruvchi va dahshatli adolatsizlikda" ayblab, medium ayolni himoya qildi. Biroq hatto uning tarafkashligi ham ayolga yordam bermadi.

Fizik olim va arvohlar

1877 yilda esa Tomas Edison elektr fonografini kashf etish bilan birga, baʼzi olimlar bu texnologiyani ruhlarning ovozini yozib olish uchun ishlatish mumkinligini taxmin qilishdi. Fizik olim Edisonning oʻzi xatto "ruhlar telefon"ini yaratish haqida oʻylab koʻrgan, ammo bu loyiha amalga oshmay qolgan.

Edison bu haqda 1920 yilda "American Magazine" nashriga bergan intervyusida aytgan. Uning fikricha, agar ruhlar mavjud boʻlsa, ular energiya shaklida boʻlishi kerak va bu energiyani texnik qurilma orqali yozib olish mumkin. U hatto "ruhlar uchun telefon" ishlab chiqish gʻoyasini ham ilgari surgan.

Edisonning ruhlar bilan bogʻliq fonografi haqida hech qanday real dalillar qolmagan, lekin uning zamonasida va undan keyingi davrlarda koʻplab paranormal tadqiqotchilar uning fikrlaridan ilhomlanib, ruhlar ovozini yozishga urinishgan.

Bugungi kunda paranormal tadqiqotchilar Edison orzu qilgan qurilmalarga oʻxshash yangi texnologiyalarni ishlatishmoqda. Masalan, Spirit Box (Ruhlar radiosi) – radio signallarni tez-tez oʻzgartirish orqali "ruhlarning ovozini" eshitishga yordam berishi aytilgan.

Yoki boʻlmasa, “Raqamli ovoz yozuvchi” (EVP Recorder) – yuqori sezgirlikka ega boʻlgan mikrofonlar orqali ruhlar ovozini yozishga harakat qiladi.

XX asr: EVP va Fridrix Yurgenson

XX asrda "Electronic Voice Phenomenon" (EVP) deb nomlangan hodisa keng tarqaldi. EVP – bu magnit tasmalari yoki boshqa audio asboblar orqali nomaʼlum ovozlarni qayd etish hisoblanadi.

1959 yilda shved rassomi va operatori Fridrix Yurgenson tabiatdagi tovushlarni yozib olish paytida nomaʼlum ovozlarni eshitganini daʼvo qildi. Uning tadqiqotlari EVPning asosini qoʻydi. Yurgensonning "Ruhlar bilan aloqa" (1967) nomli kitobi bu sohadagi birinchi ilmiy asarlardan biri boʻldi.

ITC: inson va texnologiya orqali aloqa

XX asrning oxirida "Instrumental Transcommunication" (ITC) deb nomlangan yangi yoʻnalish paydo boʻldi. ITC – bu zamonaviy texnologiyalar (kompyuterlar, videokameralar, audio asboblar) orqali narigi dunyo bilan aloqa oʻrnatishni anglatadi.

1980 yillarda nemis olimi Konstantin Raudiv EVPning yangi shaklini ixtiro qildi. U video va audio qurilmalar orqali ruhlarning tasviri va ovozini qayd etishga urindi. Raudivning tadqiqotlari koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi, ammo ilmiy jamiyat tomonidan tanqidga uchradi.

XXI asr: SI va virtual reallik

XXI asrda sunʼiy intellekt (SI) va virtual reallik (VR) texnologiyalarining rivojlanishi narigi dunyo bilan aloqa oʻrnatishga yangi urinishlar davrini boshlab berdi.

2015 yilda "Ghost Hunter" deb nomlangan mobil ilova chiqarildi. Bu ilova foydalanuvchilarga EVPni oʻz uylarida sinash imkoniyatini berdi. Shuningdek, SI qurilmalari orqali nomaʼlum ovozlarni tahlil qilish va ularning manbasini aniqlash imkoniyati paydo boʻldi.

2016 yilda esa Dark room – “Qorongʻu xona” loyihasi yaratildi, unda foydalanuvchilar VR koʻzoynaklaridan foydalangan holda oʻzlarini nomaʼlum kuchlar borligini his qilgan tovushlar va tasvirlar bilan toʻldirilgan qorongʻi xonada koʻrishadi. Ushbu yondashuv skeptiklar orasida yanada koʻproq savollar tugʻdiradi, lekin u idrok psixologiyasini va mumkin boʻlgan paranormal hodisalarni oʻrganishga ham eʼtibor qaratadi.

2020 yilda "Project Elysium" deb nomlangan loyihada SI va VR texnologiyalari bilan narigi dunyo bilan aloqa oʻrnatishga urinishdi. Bu loyihada foydalanuvchilar virtual reallikda "ruhlar" bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻlgani aytiladi.

Hozirda koʻpchilik SI oʻrnatilgan aqlli qurilmalar, masalan, “Alisa” virtual ovozli assistent stansiyasining hech kim yoʻq paytda ham nomaʼlum odamlar bilan, yana tagʻin xorijiy tillarda gaplashayotganiga guvoh boʻlishadi.

Internetdagi arvohlar

Paranormal hodisalar boʻyicha tadqiqotchi, angliyalik Albert Xolifkot, Internetda sodir boʻlayotgan koʻplab tushunarsiz narsalarni oʻrganib chiqib, u shov-shuvli xulosaga keldi: "global aloqa tarmogʻi vafot etganlar uchun bugungi kunda yashayotganlar bilan yangi muloqot eshigini ochdi". Agar “yangi muloqot eshigi” paydo boʻlgan boʻlsa, demak, eskisi ham bor. Xolifkot taʼkidlaganidek, "Kibernetika olami maʼnaviy va moddiy olamlar kesishadigan joy boʻlib, bu chorrahada aloqa qilish uchun sharoitlar yaratilgan”.

Maʼlumki, yangi texnologiyalar elektr toki bilan ishlaydi. Tirik inson miyasi v tanasi ham elektr signallari va elektromagnit toʻlqinlar ishlab chiqaradi va ular vositasida tanani boshqaradi yoki tashqi dunyo bilan muloqot qiladi. Odam tansidan uchib chiqqan arvohlar esa ayni elektr yoki boshqa shakldagi quvvat toʻplami boʻlishi mumkin degan taxminlar mavjud. Demak, arvohlarda elektr signallari va elektromagnit toʻlqinlar boʻlsa, ular ushbu hodisalar bilan ishlovchi zamonaviy elektr qurilmalar bilan ham muloqotga kirisha oladi! Faqat inson bu signal va toʻlqinlari qabul qila olmaydi, yaʼni eshitmaydi, koʻrmaydi va tushunmaydi.

Shunday ekan, ruhlar ana shu quvvatdan foydalangan holda, kompyuter ekranida oddiy Internet yoki elektron pochta foydalanuvchisi boʻlib koʻrinishi mumkin. Shunday boʻladiki, Internetdagi "suhbat" paytida ruhlar oʻzlarining mohiyatini ochib berishadi, lekin koʻpincha ular odamni oʻzini tirik deb qabul qilishga majbur etadi. Ular odamlarni qoʻrqitishni istamaydi.

Tadqiqotchi Xolifkotning aytishicha, u mazkur sirli hodisaga ilk bor 1996 yilda duch kelgan. Chatda bir profil oʻzini Kerolin deb tanishtirgan va yoqimli suhbatga kirishgan: "U juda noz-karashmali va jozibali edi, faqat biroz eskirgan uslubda gapirishi meni hushyor torttirdi", deb eslaydi tadqiqotchi. Undan “ruhmisan” deb dangal soʻradim. Avvaliga u shubhalarimni rad etdi, lekin qayta-qayta soʻrayverganimdan keyin, bosim ostida u 1911 yilda 21 yoshida choʻkib ketgan qizning arvohi ekanini tan oldi. Qizning ruhi Xolifkotga Internetda yolgʻiz oʻzi emasligini aytgan.

Na sevgini, na nikohni boshdan kechirmasdan vafot etgan koʻplab qizlarning ruhi butun dunyo boʻylab erkaklarga, asosan ishonuvchan yoshlar bilan muloqotga kirishadi. Darhaqiqat, keyingi tadqiqotlar Xolifkotni global kompyuter tarmogʻida koʻplab ruhlarni topish mumkinligiga ishontirdi. Ammo bu yerda qiziq narsa shuki: tadqiqotchi faqat ayol ruhlari bilan uchrashgan. Bundan tashqari, 1868 yildan keyin vafot etganlar, yaʼni harfli klavishlari bor yozuv mashinkasi ixtiro qilinganidan avval vafot etganlar Internetga kirish yoki yozish imkoniga ega emaslar, chunki ular buni tushunishmaydi.

Albatta, yuqoridagi fikrlarga izoh bermaymiz. Faqat shuni taʼkidlaymizki, Xolifkot Angliyada firibgar, xayolparast yoki telba emas, balki jiddiy tadqiqotchi hisoblanadi.

Ilmiy tanqid va maʼnaviy jihatlar

Texnologiyalar orqali narigi dunyo bilan aloqa qilish haqidagi tadqiqotlar ilmiy jamiyat tomonidan koʻpchilik tanqidga uchraydi. Koʻpchilik olimlar bu hodisalarni psixologik yoki texnik xatolar bilan izohlaydi.

Shuningdek, diniy va maʼnaviy jihatdan bu amallarning mohiyati bahs-munozaralarga sabab boʻladi. Baʼzi diniy taʼlimotlar bu amallarni "gunoh" deb bilsa, boshqalari uning insonning irodasi va texnologiyalarning boshqa olamlar bilan muloqot oʻrnatishi mumkinligini rad etmaydi.

Muvozanat muammosi

Texnologiyalar orqali narigi dunyo bilan aloqa qilish – bu insonning nomaʼlumga boʻlgan qiziqishining yangi ifodasidir. Qadimgi spiritizm seanslaridan tortib, zamonaviy SI va VR texnologiyalarigacha boʻlgan ushbu yoʻnalish insonning ruhiy va ilmiy izlanishlarining bir qismi boʻlib qolmoqda. Kelajakda bu sohada yangi kashfiyotlar va tadqiqotlar paydo boʻlishi mumkin, lekin ilm va maʼnaviyat muvozanatini saqlash juda muhim.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+