Gigantlar janggi: Visa va Mastercard
Ular zamonaviy toʻlov tizimlarining asosiy ustunlaridan boʻlib, global iqtisodiyotning ajralmas qismiga aylangan.

Zamonaviy dunyoda toʻlovlarni naqd pulsiz amalga oshirish tobora keng tarqalmoqda. Bu boradagi ilk qadamlar bank kartalari chiqarilishi boʻlsa, butun dunyo boʻylab toʻlov erkinligini taʼminlab bergan tizim, hech shubhasiz, Visa va Mastercard tufayli shakllangan.
Hozir ham Visa va Mastercard haqiqiy moliyaviy gigantlar hisoblanib, global iqtisodiy dinamikani belgilab bermoqda. Har ikki kompaniya har kuni milliardlab tranzaksiyalarni taʼminlab, foydalanuvchilarga qulaylik, xavfsizlik va tezkor hisob-kitob imkonini taqdim etadi.
Visa va Mastercard XX asrning ikkinchi yarmida AQShda paydo boʻlib, bugungi kunda eng yirik xalqaro toʻlov tizimlariga aylandi. Ularning ishlash modeli oʻxshash boʻlsa-da, ular oʻrtasida muhim farqlar mavjud. Masalan, Visa jahonda koʻproq bank kartalarini qoʻllab-quvvatlaydi, Mastercard esa mijozlarga moslashuvchan imtiyoz dasturlari va texnologik innovatsiyalarni, xususan, biometrik identifikatsiyaning kengaytirilgan funksiyalarini taklif etadi.
Ibtido
Bu gigantlarning tarixi XX asrning oʻrtalaridan, dunyo naqd puldan naqdsiz toʻlov usullariga, avval cheklar va keyinroq bank kartalariga oʻta boshlagan davrdan boshlanadi. 1958 yilda Bank of America (“Amerika banki”) BankAmericard deb nomlangan ilk ommaviy kredit kartasini taqdim etdi. Bu kartaning muvaffaqiyati shunchalik katta boʻldiki, bir necha yil oʻtib, bank oʻz loyihasini AQSh hududidan tashqariga ham kengaytirishga qaror qildi. Shu tarzda 1976 yili Visa tashkil etildi. Uning nomi global ochiqlik va harakat erkinligini anglatar edi.
Mastercard esa boshqa yoʻlni tanladi. 1966 yili bir nechta Amerika banklari birlashib, oʻz toʻlov tizimini yaratishga qaror qildilar. Shu tariqa Interbank tashkil etildi, 1979 yilda esa u Mastercard deb qayta nomlandi.
Toʻlov tizimlari qanday ishlaydi?
Har ikki tizim bitta vazifani bajaradi – ular xaridor, sotuvchi va bank oʻrtasida pul oʻtkazish jarayonini taʼminlaydi. Bu jarayon bir necha soniya ichida amalga oshadi, ammo bir nechta bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
Eng avvalo, siz kartangizni terminalga yaqinlashtirasiz yoki onlayn-xarid uchun uning maʼlumotlarini kiritasiz.
Keyin doʻkon hisobingizda ayni shu toʻlov uchun kerakli mablagʻ bormi-yoʻqmi, aniqlab berish haqida bankka soʻrov yuboradi.
Navbatdagi bosqichda bank balansingizni tekshiradi va toʻlovni tasdiqlaydi.
Keyin esa bank doʻkon soʻrovi asosida hisobingizdan kerakli pulni sotuvchining hisobiga oʻtkazadi, siz esa toʻlov tasdigʻi – chekni olasiz. Mana shu barcha jarayon atigi bir necha soniya vaqt oladi.
Banklardan qanday farq qiladi?
Banklar toʻgʻridan-toʻgʻri pul bilan ishlaydi – ular omonatlarni saqlaydi, kreditlar beradi, hisobraqamlar ochadi. Visa va Mastercard esa faqat toʻlovlarning xavfsiz oʻtishini taʼminlaydi.
Visa va Mastercard oʻzi kartalarini chiqarmaydi, hisobraqamlar ochmaydi va kredit bermaydi – bu ish bilan banklar shugʻullanadi. Ular faqat vositachi sifatida harakat qiladi va pul maqsadli manzilga tez va xavfsiz yetib borishini kafolatlaydi.
Shu bois turli banklar Visa yoki Mastercard tizimida ishlovchi bank kartasini chiqarganida shu tizim logotipini kartaga tushirgan boʻladi.
Visa va Mastercard oʻrtasidagi farqlar
Bu ikki tizim, bir qarashda, deyarli bir xil, ammo baʼzi farqlar mavjud.
Geografik taʼsir doirasi jihatidan Visa AQShda ancha kuchliroq pozitsiyaga ega, Mastercard esa Yevropada mustahkam mavqega ega.
Valyuta ayirboshlash komissiyasi borasida ham tafovut mavjud. Chet elda xarid qilinganda, Visa koʻpincha biroz qulayroq kursni taklif etadi, biroq bu farq unchalik katta emas.
Shu bilan birga, Mastercard asosan chegirma va keshbeklarga eʼtibor qaratadi, Visa esa sugʻurtalar va xaridlarni himoya qilish xizmatlarini koʻproq taklif qiladi.
Ammo amaliyotda koʻpchilik foydalanuvchilar ushbu kartalar oʻrtasidagi farqni sezmaydi – ikkalasi ham teng qulay va ishonchli va dunyo boʻylab keng tarqalgan.
Marketing strategiyalari
Visa va Mastercard oʻrtasidagi marketing raqobati – moliyaviy sohadagi keskin kurashning klassik namunasidir. Har ikki kompaniya oʻz kartalarini bozorda ustun qilish uchun agressiv reklama strategiyalarini ishga solgan. Ularning reklama kampaniyalarida asosan qulaylik, xavfsizlik va raqobatchilarga nisbatan afzalliklarga diqqatni tortishga harakat qilingan.
Oxirgi oʻn yilliklarda Visa va Mastercard naqd pulsiz toʻlovlarni ommalashtirish boʻyicha faol raqobat olib bormoqda. Ularning reklama va marketing kampaniyalari toʻlov tizimlarining zamonaviyligi, qulayligi va xavfsizligini targʻib qilishga qaratilgan.
Masalan, Visa oʻz reklama strategiyalarida global qamrovining kengligi va qulayligiga urgʻu beradi. Visa kartalari bilan istalgan joyda – doʻkonlar, restoranlar va internetda toʻlov qilish mumkinligi taʼkidlanadi.
Qolaversa, innovatsion texnologiyalarning tatbiq etilishiga keng eʼtibor qaratiladi. "Visa payWave" kampaniyasi kontaktsiz toʻlovlarning tezligi va qulayligini reklama qilgan.
Mastercard reklamalarida esa biroz boshqacha taktikalardan foydalaniladi.
Masalan, "Priceless" (Bebaho) kampaniyasi 1997 yilda boshlangan boʻlib, u moddiy narsalar va hayotdagi bebaho lahzalar (oila bilan vaqt oʻtkazish, sayohat) oʻrtasidagi farqni koʻrsatib bergan.
Shuningdek, Mastercard oxirgi yillarda xavfsizlik texnologiyalari va biometrik autentifikatsiyani targʻib qilishi bilan koʻzga tashlanmoqda.
Marketing borasida ham mazkur ikki gigant biroz farqli strategiyalardan foydalanadi.
Aytaylik, Visa muayyan mamlakatlarda oʻz kartalarining koʻproq qabul qilinishini taʼkidlagan. Mastercard esa jahon futboli chempionati kabi yirik sport tadbirlari bilan hamkorlik qilib, oʻz brendini ommalashtirgan.
Visa uzoq vaqt Olimpiya oʻyinlarining rasmiy toʻlov hamkori boʻlib keldi.
Mastercard esa boshqa yirik sport tashkilotlari, masalan, UEFA Champions League futbol turnirlari bilan hamkorlik haqida shartnomalar tuzdi. Bunday qadamlar sport muxlislari orasida ham brendning ommalashuvini taʼminladi.
Texnologik poyga va moliyaviy raqamlar
Visa va Mastercard faqat mijozlar uchun kurashmayapti, balki innovatsiyalar borasida ham raqobatlashmoqda:
2004 yili Mastercard birinchi boʻlib PayPass kontaktsiz toʻlov tizimini joriy etdi, Visa esa 2007 yilda Visa payWave’ni taqdim etdi.
2014 yilda har ikki tizim ham Apple Pay servisini qoʻllab-quvvatlashni boshladi.
2022 yilga kelib Mastercard biometrik toʻlovlar uchun Biometric Checkout tizimini ishga tushirdi.
Ammo boshqa raqamlar Visa’ning ustunligini koʻrsatadi. Misol uchun 2023 yilda Visa 192,5 milliard tranzaksiyani qayta ishladi. Mastercard esa 132,6 milliard tranzaksiyani qayta ishladi.
Visa'ning umumiy tranzaksiya hajmi 8,3 trillion dollarni tashkil etadi. Mastercard'ning tranzaksiya hajmi ham katta boʻlib, 7,7 trillion dollarga teng.
2022 yilda debet kartalar segmentida Visa'ning tranzaksiyalar ulushi 38,78% ni tashkil etdi, bu esa uning bozordagi yetakchi oʻrnini koʻrsatadi.
Visa kartalari orqali 14 trillion dollar aylanma kuzatildi, Mastercard’da esa bu koʻrsatkich 8 trillion dollar atrofida boʻldi xolos.
Visa va Mastercard har yili katta daromad oladi. Visa'ning 2024 yildagi daromadi 32,5 milliard dollarni tashkil etdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 10,2% oʻsishni koʻrsatadi. Mastercard esa 2024 yilda 22,2 milliard dollar daromadga erishdi, bu esa 11,2% oʻsishni anglatadi. Koʻrinib turibdiki, daromad borasida ham Visa hozircha ustunlikni boy bergani yoʻq.
Bugungi kunda 200 mamlakatda 3,4 milliarddan ortiq Visa kartalari muomalada, Mastercard esa 210 mamlakatda 2,5 milliarddan ortiq kartaga ega.
Raqobat kelajagi
Visa va Mastercard oʻrtasidagi raqobat moliyaviy texnologiyalar (fintech), raqamli toʻlovlar va kriptovalyuta bozori taraqqiyoti bilan yanada kuchayishi mumkin. Har ikki kompaniya yangi texnologiyalar va innovatsiyalar orqali bozordagi ustunligini saqlab qolishga intiladi.
Raqamlashtirish va mobil toʻlovlar
Bugungi kunda Visa va Mastercard mobil toʻlovlar, NFC-texnologiya va blokcheyn orqali xizmatlarni takomillashtirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Apple Pay, Google Pay va Samsung Pay kabi tizimlar bilan integratsiya qilish ularning xizmatlarini yanada ommalashtirmoqda.
Kriptovalyuta va blokcheyn
Mastercard va Visa kriptovalyutalar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. 2021 yilda Mastercard kriptovalyuta bilan bogʻliq toʻlovlarni qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qildi. Visa esa USDC kabi kriptovalyutalar bilan integratsiya jarayonlarini oʻtkazmoqda.
Xavfsizlik va himoya
Har ikki kompaniya moliyaviy tranzaksiyalarni himoyalash uchun sunʼiy intellekt va mashinali oʻrganish texnologiyalaridan foydalanmoqda. Bu ularga firibgarlikka qarshi kurashish va mijozlarga xavfsizlik kafolatini berish imkonini yaratadi.
Tarif va komissiya siyosati
Ayrim mamlakatlar Visa va Mastercard komissiya stavkalari yuqoriligi sababli, ularga qarshi antimonopol tadbirlarni amalga oshirmoqda. Masalan, Yevropa Ittifoqi va Xitoyda toʻlov tizimlariga nisbatan yangi qoidalar joriy etilgan. Bu holat kompaniyalarni yangi bozor strategiyalarini ishlab chiqishga majbur qilmoqda.
Yangi va jiddiy raqobatchilar
Visa va Mastercard uzoq yillardan buyon jahondagi eng yirik toʻlov tizimlari boʻlib kelmoqda. Biroq soʻnggi yillarda yangi raqobatchilar paydo boʻlib, ularning bozordagi hukmronligini sinovdan oʻtkazmoqda.
Xitoyning UnionPay tizimi
UnionPay Xitoydagi eng katta toʻlov tizimi boʻlib, hozirda jahondagi eng koʻp kartalarni chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. Xitoy hukumati UnionPay'ni tashqi bozorlarda kengaytirishga intilyapti va bu Visa va Mastercard uchun jiddiy raqobatchi boʻlib qolmoqda.
Raqamli toʻlov gigantlari: PayPal, Apple Pay va Google Pay
Mobil toʻlovlar oʻsib borayotgani Visa va Mastercard'ga katta bosim oʻtkazmoqda. Masalan, PayPal, Venmo, Apple Pay va Google Pay bevosita bank kartalarisiz ham toʻlovlarni amalga oshirishga imkon yaratadi. Bu Visa va Mastercard'ning anʼanaviy biznes modellariga tahdid solishi mumkin.
Kriptovalyuta va markazlashmagan moliya (DeFi)
Blokcheyn texnologiyalari orqali toʻlovlar amalga oshiruvchi DeFi platformalari anʼanaviy toʻlov tizimlari uchun yana bir tahdiddir. Bitcoin Lightning Network, Ethereum bazasidagi toʻlov tizimlari va kriptovalyutalar Visa va Mastercard'ning bozordagi mavqeiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Visa va Mastercard'ning kelajakdagi strategiyalari
Visa va Mastercard oʻz hukmronligini saqlab qolish uchun bir necha yoʻnalishda faoliyat olib borishi kutilmoqda:
Kriptovalyutalar va blokcheyn texnologiyalarini oʻzlashtirish
Har ikki kompaniya kriptovalyutalarni qoʻllab-quvvatlash va DeFi bilan integratsiya qilish orqali oʻz ekotizimlarini kengaytirishga harakat qilmoqda.
Firibgarlikka qarshi AI va mashinali oʻrganishdan foydalanish
Har yili milliardlab dollar firibgarlik va xakerlik hujumlari sababli yoʻqotiladi. Shuning uchun Visa va Mastercard xavfsizlik tizimlarini kuchaytirishga katta eʼtibor bermoqda.
Bozordagi ulushni saqlab qolish uchun banklar bilan yangi hamkorlar
Yangi toʻlov texnologiyalariga qaramay, Visa va Mastercard bank kartalarining asosiy toʻlov tizimi boʻlib qolmoqda. Ularning banklar bilan uzoq muddatli hamkorlik shartnomalari raqobatga bardosh berish imkonini beradi.
Xulosa
Visa va Mastercard hali ham global toʻlov tizimlari orasida yetakchilikni saqlab kelmoqda. Biroq ular UnionPay, PayPal, Apple Pay, Google Pay va kriptovalyutalar bilan raqobat qilishga majbur. Bozorda hukmronligini saqlab qolish uchun har ikki kompaniya raqamli texnologiyalarni oʻzlashtirishi, kriptovalyutalarga integratsiya qilishni tezlashtirishi va yangi xavfsizlik tizimlarini joriy etishi kerak boʻladi. Bu raqobat moliyaviy texnologiyalar bozorini yanada innovatsion va dinamik qilishga yordam beradi.
Visa va Mastercard nafaqat jahon moliya bozorining eng yirik oʻyinchilari, balki raqobat va innovatsiya muhitini shakllantiradigan yetakchi kompaniyalardir. Ular zamonaviy toʻlov tizimlarining asosiy ustunlaridan boʻlib, global iqtisodiyotning ajralmas qismiga aylangan.
Har ikki toʻlov tizimi ishonchli, xavfsiz va keng miqyosda qoʻllaniladi. Shuning uchun foydalanuvchilar uchun ularning qaysi birini tanlash katta farq qilmaydi – Visa ham, Mastercard ham moliyaviy operatsiyalarni tez, qulay va xavfsiz amalga oshirish imkonini beradi.
Abulfayz Sayidasqarov