Sirdaryoda "Obod qishloq" va "Obod mahalla" jamgʻarmalari uchun salkam 19 mlrd ajratiladi
Mablagʻ ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun sarflanadi.

Sirdaryo viloyatida ikki jamgʻarma uchun 18 mlrd 900 mln soʻm ajratiladi.
Bu haqda Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashi qarorida maʼlum qilingan.
Qarorga koʻra, 2023 yilda viloyatda aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash maqsadida 329 mlrd 200 mln soʻm ajratilgan, bundan ichimlik suvi taʼminotiga 53 mlrd 822 mln soʻm pul yoʻnaltirilgan.
2024 yilda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun sarflanmay qolgan 18 mlrd 900 mln soʻm "Obod qishloq"," Obod mahalla" jamgʻarmalariga ajratiladi.
Pul viloyat byudjetining 2025 yil boshida shakllangan erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan taqdim etiladi.

Qaror ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari A. Umarov zimmasiga yuklangan.