Tramp Vashingtondagi samolyot halokatida tirik qolganlar yoʻqligini aytdi
Shavkat Mirziyoyev hodisa sabab AQSh prezidentiga hamdardlik bildirdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp harbiy vertolyot bilan toʻqnashib ketgan American Airlines samolyoti bortidagi 64 kishining barchasi halok boʻlganini tasdiqladi.
Accosiated Press agentligi samolyot qulashini, ehtimol, Qoʻshma Shtatlarda sodir boʻlgan chorak asrdagi eng yomon halokat deb atadi.
30 yanvar kuni Oq uyda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida AQSh prezidenti toʻqnashuvga nima sabab boʻlgani hozircha nomaʼlum ekanini aytdi.
Tekshiruv Milliy transport xavfsizligi kengashi va harbiy ekspertlar tomonidan olib borilmoqda.
Biroq, Donald Tramp "qobiliyatsizlik rol oʻynaganini" taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Federal aviatsiya maʼmuriyati turli xillik va inklyuzivlikka qaratilgan ishga olish tashabbusi tufayli "ogʻir aqliy nuqsonlari, psixiatrik muammolari va boshqa ruhiy va jismoniy kasalliklari boʻlgan xodimlarni" ishga oladi.
Keyinroq AQSh prezidenti mamlakatda havo qatnovi xavfsizligini zudlik bilan qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladi. Xodimlarning malakasiga alohida eʼtibor qaratiladi, Tramp bu narsa Jo Bayden davrida hukmronlik qilgan inklyuziv siyosatdan ustun boʻlishi kerak, deb hisoblaydi.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hodisa sabab Trampga hamdardlik bildirdi.
Bortida 60 nafar yoʻlovchi va toʻrt nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan American Airlines samolyoti Kanzas shtatining Vichita shahridan uchayotgan edi. U Ronald Reygan milliy aeroportiga qoʻnayotganda Black Hawk harbiy vertolyoti bilan toʻqnashib ketgan.
Samolyot ham, vertolyot ham Potomak daryosiga qulagan.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, 40 dan ortiq jasad, jumladan, vertolyotda boʻlgan 3 nafar askar daryodan olib chiqib ketilgan. Qidiruv tadbirlari davom etmoqda.