Qoʻqonda soxta DXX xodimi 6 yilga qamaldi
U tanishiga foizsiz kredit evaziga Cobalt mashinasini olib berishni vaʼda qilgan va pul soʻragan.

Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida oʻzini DXX xodimi sifatida tanishtirib, firibgarliklar sodir etgan shaxs qamaldi. U avval ham sudlangan va xavfli retsidivist deb topilgan.
Bu haqda "Zamon" dasturida xabar berildi.
Maʼlum boʻlishicha, fuqaro Rasulov tanishi Roziqovga oʻz mansab vakolatidan foydalanib foizsiz kredit evaziga Cobalt mashinasini olib berishni vaʼda qilgan. Soʻngra undan bosh toʻlov bahonasida 1300 dollar pul olgan.
Fuqaro oʻz jinoiy harakatlarini davom ettirib, boshqa tanishiga eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirib berish evaziga 800 ming soʻm pul talab qilgan. Bunda guvohnomaga C va D toifalarini ham qoʻshib berishni vaʼda qilgan.
Olib borilgan tezkor tadbirda Rasulov dalillar bilan qoʻlga olindi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining hukmi bilan unga olti yil qamoq jazosi tayinlandi.
Jazoni qattiq tartibdagi koloniyalarda oʻtashi belgilandi.