Abdulla Aripov Olmaotadagi muhim tadbirlarda qatnashdi
Qozogʻistonda "Digital Almaty 2025" xalqaro raqamli forumining yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

30-31 yanvar kunlari Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Olmaota shahriga amaliy tashrif bilan bordi.
Qozogʻiston Respublikasiga tashrif dasturida bosh vazir Yevroosiyo hukumatlararo kengashi majlisida kuzatuvchi maqomida qatnashishi, “Digital Almaty 2025” xalqaro raqamli forumining yalpi majlisida nutq soʻzlashi hamda boshqa davlatlar hukumat rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi reja qilingandi.
31 yanvar kuni vaziri Abdulla Aripov Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi - Prezident Administratsiyasi Rahbari Adilbek Kasimaliyev bilan ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi.
Mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, muhim qoʻshma loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Soʻngra "Digital Almaty 2025" xalqaro raqamli forumining yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Rossiya, Belarus, Eron Bosh vazirlari, Armaniston Bosh vazirining oʻrinbosari va boshqalar qatnashdi. Majlisda Oʻzbekiston Bosh vaziri Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida raqamlashtirishni jadallashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, yurtimizni sunʼiy idrok texnologiyalaridan foydalanuvchi dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida taqdimot qildi.
Shuningdek, raqamlashtirish va sunʼiy intellektning dolzarb masalalari, shu jumladan, mazkur yoʻnalishda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari toʻgʻrisida atroflicha fikr almashildi.