"Payme" ustun mavqega ega deb topildi
Raqobat qoʻmitasi ushbu tizimni onlayn toʻlovlar bozorida ustun mavqega ega deb eʼtirof etdi.

"Payme" elektron toʻlov tizimlari bozorida ustun mavqega ega deb topildi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 1 maydagi 256 sonli qarori 2 ilovasi bilan tasdiqlangan Raqamli platforma operatorining ustun mavqeini va ustun muzokara kuchini eʼtirof etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda raqamli platforma operatorining ustun mavqega ega deb eʼtirof etishning mezonlari belgilangan.
Ushbu Qarorga muvofiq, Raqobat qoʻmitasining tegishli buyrugʻi bilan onlayn toʻlov tizimlari bozorida "Payme" AJ ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb eʼtirof etildi.
Asos: "Payme" AJ tomonidan onlayn toʻlov tizimlari bozorida ustun mavqega erishganligi toʻgʻrisida Raqobat qoʻmitasiga taqdim etilgan xabarnomasi.
Avval Yandex va Uzbekistan Airways ham ustun mavqega ega deb topilgandi.
Maʼlumot uchun, ustun mavqe — bu tovar yoki moliya bozorida xoʻjalik yurituvchi subʼektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga bogʻliq boʻlmagan holda unga oʻz faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatish, tegishli bozorga boshqa xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat.
Agar kompaniya yoki shaxslar guruhining bozor ulushi 40 foiz yoki undan yuqori boʻlsa, shuningdek, boshqa hollarda mahsulot yoki moliya bozoridagi ustun mavqe tan olinadi.
