Jiyani nomiga katta kredit olib, chuv tushirgan tadbirkor jazolandi
U qimmatbaho mashina sotib olish bahonasida ikki bankdan ajratilgan kreditlarni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudida jiyani nomiga ikki marotaba yirik miqdorda kredit olib, pullarni oʻzlashtirgan tadbirkorga hukm oʻqildi. Sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Unga koʻra, R. B. MChJ rahbari boʻla turib, jiyani N.X.ni ishontirib uning nomiga BYD Han mashinasini sotib olishini aytgan. Buning uchun 2023 yil 5 dekabr kuni "M" bankdan 517 mln miqdorida kredit rasmiylashtirilgan.
Biroq, R.B. avtotransport vositasini sotib olmasdan, hujjatlarni soxtalashtirib, ushbu kredit mablagʻlarini oʻz ehtiyojiga sarflab yuborgan. Bankka esa 2023 yil noyabrida boshqa MChJdan shartnoma asosida olingan BYD Han avtomashinasi hujjatlarini taqdim etgan.
Bundan tashqari R. B. jinoiy xatti-harakatlarini davom ettirib, takroran aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish maqsad qilgan. U takroran jiyanini ishontirib, "T" bankdan 472 mln miqdorida kredit mablagʻlarini olib, uni ham oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Sud majlisida sudlanuvchi aybiga qisman iqrorlik bildirib, hozirda sodir qilgan harakatlari oqibatlarini tushunib yetib, chin koʻngildan pushaymonligini bildirdi, oilaviy sharoitini inobatga olib, yengilroq jazo tayinlashni soʻrab, koʻrsatuv berib oʻtdi.
Yakuniy hukmga koʻra, sudlanuvchiga 2 yil 4 oy 12 kun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Har ikkala bankka yetkazilgan moddiy zarar toʻliq qoplangan.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.