Dehqonlar agregatorlarga biriktiriladi
“Mikrokreditbank” ATB esa bu yoʻnalishga imtiyozli kreditlar ajratadi.

“Mikrokreditbank” ATB tomonidan dehqon xoʻjaliklariga ijaraga berilgan 81 ta konturdagi 887 gektar yer maydonlarida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida namunali loyihalarni amalga oshirish uchun 81 ta agregatorlar tanlab olindi.
Agregatorlar tomonidan joriy yilda ushbu maydonlarda birinchi ekinda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida poliz va meva-sabzovot ekinlari ekiladi.
Buning uchun agregatorlarga tijorat banklari tomonidan 2,7 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ushbu agregatorlarga 2 621 nafar kishi kooperatsiya aʼzosi sifatida biriktirilishi belgilangan.
Kooperativ aʼzolari tomonidan yuqori daromadli va eksportbop (qishki qovun-tarvuz, gulkaram, qizil lavlagi, loviya va sabzi-sholgʻom) mahsulotlari ekiladi.
Misol uchun, Samarqand viloyati Narpay tumani Nuxay mahalladagi 24-konturda 35 nafar yoshlarga 40 sotixdan ajratilgan 14 gektar yer maydonada Agregator “Diyorjon Davronjon servis” oilaviy korxonasi boshchiligida birinchi ekinga bahorgi sabzi mahsuloti ekiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bir kooperativ aʼzosi oʻrtacha 55 mln soʻmdan daromad olishi reja qilinmoqda.
Shuningdek, Prezident rahbarligida 2024 yil 16 dekabrda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Super loyiha” doirasida “yetishtirish – qayta ishlash – sotish” zanjirini yaratish va respublika hududida qoʻshimcha 7 ta shunga oʻxshagan namunaviy loyihalarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Buning ijrosi sifatida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumani “Tazgʻara” mahallasida yoshlarga ijaraga berilgan 20 gektar yer maydonida birinchi ekinga pomidor, keyin koʻkat yetishtirish taklifi berilgan boʻlib, ayni paytda ushbu loyihani dastlabki xarajatlar uchun bank tomonidan moliyalashtirish ishlari boshlab yuborildi.
Bank tomonidan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholini arzon qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash yoʻlidagi ishlar izchil davom ettiriladi.




