platina.uz
Jahon

Starlink interneti qanday ishlaydi?

Ilon Maskning internet olamidagi inqilobiy xizmati nima? Uning kamchiliklari va afzalliklari nimada?

Starlink interneti qanday ishlaydi?
Fotokollaj: Platina.uz

Starlink Internet-xizmati SpaceX kompaniyasining ulkan loyihasi boʻlib, u internetga ulanishni, ayniqsa, sayyoramizning eng chekka burchaklaridagi hayot tarzini tubdan oʻzgartirishni vaʼda qiladi. Koʻpchilik internetga anʼanaviy ulanish usullariga – kabellar, optik tolali aloqa, uyali aloqaga oʻrganib qolgan. Lekin yuqori tezlikdagi internet u yoqda tursin, mobil aloqa tarmogʻi boʻlmagan joylarda yashovchilar nima qilsin? Aynan shu yerda Starlink – Internetni toʻgʻridan-toʻgʻri osmondan "tutib olishni" vaʼda qiladigan sunʼiy yoʻldosh tarmogʻi odamga yordamga keladi

Starlink nima?

Starlink loyihasi yer usti aloqa liniyalari emas, balki sunʼiy yoʻldoshlar yordamida Internetni taʼminlash uchun global tarmoq sifatida ishlab chiqilgan. Biroq 35 000 kilometr balandlikda (geostatsionar orbitada) ishlaydigan oddiy sunʼiy yoʻldoshlardan farqli oʻlaroq, Starlink sunʼiy yoʻldoshlari ancha pastroq – taxminan 550 kilometr balandlikda joylashgan. Bu ularga signal kamroq kechikishi, yuqori tezlik va yanada barqaror ulanish kabi katta afzalliklar beradi.

Biz yashayotgan dunyoda, shuningdek, butun dunyo boʻylab internetga muhtoj boʻlgan milliardlab odamlar, hammaga, hatto eng chekka burchaklarda ham barqaror va tezkor internetni taklif qilish gʻoyasi gʻoyatda inqilobiy koʻrinadi. Aynan mana shunday loyiha Ilon Mask asos solgan SpaceX kompaniyasi tomonidan amalga tatbiq etilgan.

Tarmoq qanday ishlaydi?

Tasavvur qiling: Yer atrofida bir necha ming sunʼiy yoʻldoshlar aylanib yuradi, ularning har biri maʼlumotlarni uzatish va qabul qilishda oʻz vazifasiga ega. Biroq bu sunʼiy yoʻldoshlarning barchasi alohida emas, balki bitta tarmoq doirasida ishlaydi. Yangi gʻoya shundan iboratki, har bir sunʼiy yoʻldosh signalni keyingi sunʼiy yoʻldoshga yoʻnaltirishi mumkin, bu esa maʼlumotlarni yoʻnaltirish ustidan yanada moslashuvchan nazorat oʻrnatish va hatto har qanday shovqinni bosish imkonini beradi. Qolaversa, Starlink sunʼiy yoʻldoshlarining aksariyati past orbitada joylashgan boʻlib, bu oʻz navbatida anʼanaviy sunʼiy yoʻldosh internetiga xos kechikishlarni kamaytiradi.

Bu sunʼiy yoʻldoshlar oʻzlarining qayerdaligini “biladi” va Yerdagi kerakli terminalni aniq nishonga olishi mumkin. Ushbu terminal foydalanuvchi uyingizda yoki boshqa qulay joyga oʻrnatadigan kichkiroq parabolik antennadir. Sunʼiy yoʻldoshlar ushbu terminallar va boshqa sunʼiy yoʻldoshlar bilan doimiy aloqada boʻladi. Uydagi qurilma bitta sunʼiy yoʻldosh bilan aloqa oʻrnatishi kifoya, u esa maʼlumotlarni uzatish-qabul qilish jarayoni va barqaror aloqani saqlab qolish uchun boshqa sunʼiy yoʻldoshlar bilan bogʻlanadi.

Bu odamlarga qanday taʼsir qiladi?

SpaceX maʼlumotlariga koʻra, 2025 yil yanvariga kelib Starlink allaqachon 50 dan ortiq mamlakatlardagi foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatmoqda. 2023 yilda kompaniya Janubiy Amerika, Yevropa va Afrika kabi bir qancha qitʼalarni toʻliq qamrab oldi.

Loyiha endi ishga tushirilganida Starlink tarmogʻiga ulanish ancha qimmat edi – uskuna uchun taxminan 500 dollar va oylik abonent toʻlovi 99 dollar turar edi. Bu, ayniqsa, rivojlanayotgan bozorlar uchun qimmat edi. Ammo vaqt oʻtishi bilan uskunaning narxi pasaya boshladi va 2025 yilda terminal narxi taxminan 250-300 dollarni tashkil etadi. Abonent toʻloviga kelsak, u mintaqaga qarab oʻzgaradi, lekin oʻrtacha oyiga 80-120 dollar orasida qoladi.

Narxlarning tushishi Starlink internetidan koʻproq odamlar, jumladan, kam daromadli mamlakatlardagi foydalanuvchilar uchun ham imkoniyat yaratdi. Biroq loyiha hamon mahalliy provayderlar va uyali aloqa operatorlari raqobatiga duch kelmoqda, shuningdek, ayrim mamlakatlarda sunʼiy yoʻldosh internetini taqdim etish imkoniyatini cheklashi mumkin boʻlgan qoidalar mavjud. Bunday mamlakatlarning hukumatlari internetni nazoratda ushlab turish uchun bevosita sunʼiy yoʻldosh orqali internetga ulanishni oʻz fuqarolariga taqiqlab qoʻygan.

Orbitadagi Starlink sunʼiy yoʻldoshlari miqdori

2025 yil yanvar holatiga koʻra, Starlink loyihasi doirasida Yer orbitasida 4000 dan ortiq sunʼiy yoʻldoshlar mavjud. Ushbu sunʼiy yoʻldoshlar 550 dan 1200 kilometrgacha balandlikda past Yer orbitasida joylashgan. Har bir sunʼiy yoʻldosh foydalanuvchilarga Internet signalini beradi, maʼlumotlarni boshqa sunʼiy yoʻldoshlar orqali yoki yer stansiyalariga uzatadi.

Maqsad va kelajak uchun rejalar

Loyihaning maqsadi butun sayyora boʻylab, ayniqsa, anʼanaviy ulanish usullari imkonsiz yoki iqtisodiy jihatdan amaliy boʻlmagan joylarda Internetga kirishni taʼminlaydigan bir necha ming sunʼiy yoʻldoshdan iborat global tarmoqni yaratishdir.

SpaceX kompaniyasi AQSh Federal aloqa komissiyasidan Starlink loyihasi doirasida 12 mingta sunʼiy yoʻldosh uchirishga ruxsat oldi. Biroq bu yakuniy koʻrsatkich emas – kompaniya ushbu tarmoqni 42 000 ta sunʼiy yoʻldoshgacha kengaytirish uchun ariza berdi, bu esa yanada yuqori oʻtkazuvchanlik va yaxshilangan signal sifatini taʼminlaydi, shuningdek, ayniqsa aholi zich joylashgan va chekka hududlarda signal qamrovini kengaytiradi.

Kelgusi bir necha yil uchun rejalar har yili yuzlab sunʼiy yoʻldoshlarni uchirishni oʻz ichiga oladi. SpaceX maʼlumotlariga koʻra, kompaniya bitta Falkon 9 raketasida 60 tagacha sunʼiy yoʻldoshni uchirishi mumkin, kelajakda bu parvozlarni koʻpaytirish rejalashtirilgan.

Bu nimaga olib keladi?

Koʻproq sunʼiy yoʻldoshlar bilan Starlink yanada barqaror ulanishni taʼminlay oladi va tarmoqqq yuklama ortib ketishi ehtimolini kamaytiradi. Sunʼiy yoʻldoshlararo aloqa bilan bogʻliq texnologiyalar maʼlumotlarni dinamik marshrutlashni osonlashtiradi, bu esa foydalanuvchilar Yerning qayerda joylashganidan qatʼi nazar, tez va uzluksiz maʼlumotlarni uzatishni taʼminlaydi.

Afzalliklar va muammolar

Albatta, Starlink mukammal xizmat emas. Har qanday yangi texnologiya singari, u ham bir qator qiyinchiliklarga duch keladi.

Afzalliklari:

1. Mobillik. Bu sayohatchilar va tez-tez yoʻlda boʻlgan odamlar uchun asosiy imtiyozdir. Starlink Internet terminalni ochiq boʻlgan har qanday joyda oʻrnatish mumkin.

2. Tez oʻrnatish. Ulanish jarayoni haftalar yoki hatto oylar davom etishi mumkin boʻlgan anʼanaviy internetdan farqli oʻlaroq, Starlinkni oʻrnatish bir necha soatdan bir necha kungacha davom etadi xolos.

3. Tezlik va barqarorlik. Past orbitada sunʼiy yoʻldoshlar anʼanaviy sunʼiy yoʻldosh provayderlariga qaraganda ancha past signal kechikishi va yuqori maʼlumotlar tezligini taʼminlaydi.

Muammolar:

1. Ob-havo sharoiti. Har qanday sunʼiy yoʻldosh internetida boʻlgani kabi, yomon ob-havo (yomgʻir, qor, kuchli shamol) ulanish sifatini pasaytirishi mumkin.

2. Kosmik chiqindilar. Sunʼiy yoʻldoshlar sonining koʻpayishi ortidan kosmik chiqindilar muammosi tobora dolzarb boʻlib bormoqda. SpaceX ushbu muammoni minimallashtirish uchun texnologiyalarni faol ravishda ishlab chiqayotgan boʻlsa-da, u hamon kun tartibida qolmoqda.

Qolaversa, astronomlar va fotograflar uchun tunda yulduzlar harakatini suratga olish qiyinlashmoqda: fotokamera diafragmasi bir necha soat ochiq qodirilsa, osmondagi son-sanoqsiz yoʻldoshlar harakati tufayli manzara suvalib ketgan yorugʻ halqalar suratidan iborat boʻlib qolmoqda.

3. Tarmoqning oʻta band boʻlishi. Foydalanuvchilar soni ortishi bilan, ayniqsa, aholi zich joylashgan hududlarda tarmoqdagi bandlik ortib ketishi mumkin, bu esa ulanish sifatining pasayishiga olib keladi.

Kelajak uchun prognozlar

Ayni paytda SpaceX Starlink loyihasini faol ravishda ishlab chiqishda davom etmoqda, yangi sunʼiy yoʻldoshlarni orbitaga chiqarib, qamrovini kengaytirmoqda. Kelgusi yillarda sunʼiy yoʻldoshlar sonining koʻpayishi bilan Internet sifati faqat yaxshilanishi kutilyapti. Xususan, kompaniya sunʼiy yoʻldoshlar oʻrtasidagi aloqa tizimini (sunʼiy yoʻldoshlararo aloqa) takomillashtirish ustida ishlamoqda, bu esa yanada barqaror ulanishni taʼminlaydi va tezlikni oshiradi.

Bundan tashqari, ekspertlarning prognozlariga koʻra, loyiha anʼanaviy ulanish usullari hali keng tarqalmagan rivojlanayotgan mamlakatlarda faol rivojlana boshlaydi. Afrika, Osiyo va Janubiy Amerika kabi mintaqalarda Starlink’ni oʻrnatish shunchaki qulaylik emas, balki Internetga kirish anʼanasini tubdan oʻzgartirishi mumkin.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid