Nosoz BYD mojarosi ijobiy hal etildi
Xorazmdagi servis markazi avtomobilga yordam koʻrsatishni paysalga solgan. Qashqadaryoda esa Cobalt uchun toʻlangan pul qaytarilmagani aniqlandi.

Raqobat qoʻmitasi Oʻzbekiston boʻylab avtomobil mijozlariga yordam koʻrsatdi.
Qoʻmitaga avtomobillar yetkazib berish, sotish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar oʻz vaqtida oʻrganilib, isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlari himoya qilinmoqda.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida Amudaryo tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.D. sotib olgan “BYD Song Plus Champion” rusumli avtomobili buzilganligi sababli, Xorazm viloyatidagi "BYD Urgench" servis markaziga olib borganida, oldi qismidagi ikkita amortizator ishlamayotganligi aniqlangan. Servis xodimlari amortizator 2 oydan soʻng kelishini aytganligiga noroziligini bildirib, amortizatorlarni almashtirib berilishida amaliy yordam soʻrab murojaat yoʻllagan.
Mazkur murojaatda keltirilgan holat yuzasidan Qoʻmita tomonidan “BYD Urgench” servis markazi tomonidan fuqaroning “BYD SONG PLUS CHAMPION” rusumli avtomobilining oldi qismidagi jami qiymati 2 mln 298,1 ming soʻm boʻlgan ikkita amortizator bepul almashtirilib berilishi taʼminlandi.
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi fuqaro A.M. Qarshi shahrida faoliyat olib borayotgan "FAVORITE-CARS-SERVICE" MCHJ ning faoliyatidan norozi boʻlib murojaat yozgan.
Fuqaro yaxshi niyatlar bilan avtosalon orqali Chevrolet COBALT avtomashinasiga 74 001 000 soʻm boshlangʻich toʻlovni amalga oshirib, shartnoma imzolagan. Ammo oilaviy sharoitida muammolar yuzaga kelganligi va moddiy yordam zarurligi sababli shartnomani oʻz xohishi bilan bekor qilgan va toʻlangan toʻlovni toʻliq qaytarish boʻyicha avtosalon rahbariyatiga murojaat qilgan.
Masala esa ijobiy hal etilmagan yaʼni toʻlangan mablagʻ isteʼmolchiga qaytarilmagan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan oʻrganish ishlari natijasida “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan isteʼmolchiga avtomashina uchun toʻlangan 74 001 000 soʻm mablagʻ isteʼmolchiga toʻliq qaytarildi.
Yuqoridagilarga koʻra, Raqobat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tomonidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari bilan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga nisbatan qonunbuzilish holatini bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.