platina.uz
Jamiyat

Alkogol bozorida nazorat kuchaytiriladi

Soʻnggi vaqtlarda alkogol mahsulotlaridan zaharlanish va oʻlim koʻpaymoqda. 

Alkogol bozorida nazorat kuchaytiriladi

Oʻzbekiston alkogol bozorida nazorat kuchaytirilmoqda.

Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining faoliyati takomillashtirilganligi munosabati bilan uning vakolatlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shuning uchun mazkur Qonun bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi hamda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonunlarga ushbu Inspeksiyaning vakolatlarini belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Oʻzgartirishlarga muvofiq isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi faoliyatiga berilgan litsenziya uchun yillik davlat bojini toʻlashning muddati belgilanmoqda.

Qonun bilan yuridik shaxslar tomonidan pivo va pivo ichimliklarining ulgurji savdosiga doir faoliyati vakolatli organga xabarnoma yuborish yoʻli bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosiga doir faoliyat vakolatli organga, chakana savdosiga doir faoliyat esa soliq organiga xabarnoma yuborish yoʻli bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida samarali nazorat tizimini joriy etishga qaratilgan. Mahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilishiga, biznesni yuritish uchun sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirishga, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga hamda qonun normalarini aniq va bir xilda qoʻllanilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Eslatib oʻtamiz, soʻnggi vaqtlarda alkogol mahsulotlardan zaharlanish holatlari koʻpaydi. Avval Andijon va Samarqandda, soʻngra Turkiyada oʻzbekistonliklar alkogoldan zaharlanib vafot etdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid