platina.uz
Jamiyat

Yoʻl harakati qoidabuzarligi boʻyicha yangi normalar kiritilyapti

"Agressiv boshqarish"," drift", "shaxmat" shaklida harakatlanish, yoʻllarda toʻsiqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. 

Yoʻl harakati qoidabuzarligi boʻyicha yangi normalar kiritilyapti

Senat yalpi majlisida yoʻl harakatiga oid qonun koʻrib chiqildi.

Qonunda yoʻl harakati qoidalariga rioya etmaslikning salbiy oqibatlarining oldini olishga xizmat qiluvchi yangi normalar oʻrin olgan.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, imtihon oʻtkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik va siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilgʻi aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda transportda bezorilik, yaʼni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan "agressiv boshqarish"," drift", "shaxmat" va yoʻllarda toʻsiqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shunday boʻlsa-da, qonundagi ayrim normalar bugungi kundagi real voqelik hamda amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaganligi sababli Senatning 55-yalpi majlisida Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi.

Shundan soʻng Senat tomonidan bildirilgan taklif va eʼtirozlar kelishuv komissiyasi tomonidan batafsil koʻrib chiqildi hamda barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, Qonun takomiliga yetkazilgan.

Xususan, qonun bilan jarima ballari hisoblangan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllash kabi javobgarlik belgilanmoqda. Yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganda haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam miqdori olti oydan kam boʻlmasligi nazarda tutilmoqda.

Avvalroq YPX xodimlarini tasvirga olganlik uchun jazo yumshatilishi maʼlum boʻlgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid