Ulugʻbek Rahimov Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari etib tayinlandi
Tayinlovga qadar u viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha kotibiyati mudiri sifatida ishlagan.

Rahimov Ulugʻbek Odashevich Andijon viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari - viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Ulugʻbek Rahimov 1971 yili Paxtaobod tumanida tugʻilgan.
Namangan sanoat-texnologiya instituti va republika Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan.
Xizmat faoliyatini 1994 yili Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining Paxtaobod tumani qoʻmitasida boshlagan. 2000 yildan to shu kunga qadar qishloq xoʻjaligi sohasining turli yoʻnalishlarida samarali xizmat qilib kelmoqda.
Tayinlovga qadar Andijon viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha kotibiyati mudiri vazifasida faoliyat olib borgan.
U dekabr oyida vafot etgan Avazbek Ergashev oʻrnini egallagan.