platina.uz
Jamiyat

Qonunbuzar bank xodimasi emas, buni oʻrgangan jurnalist baloga qoldi

"Mening yurtim" telekanali muxbiri Ruxsora Gʻofurova Xalq banki Jizzax viloyati filiali xodimasining firibgarligi yuzasidan material tayyorlagan. 

Qonunbuzar bank xodimasi emas, buni oʻrgangan jurnalist baloga qoldi

Fuqarolarning nomiga kredit olishda gumonlangan bank xodimi boʻyicha lavha tayyorlagan jurnalistga nisbatan prokuratura surishtiruv olib bormoqda.

“Mening yurtim” telekanali muxbiri Ruxsora Gʻofurova Xalq banki Jizzax viloyati filiali xodimasining firibgarligi yuzasidan material tayyorlagan. Jurnalistik surishtiruv jarayonida bank xodimasi fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, uni oʻzi oʻzlashtirgani tilga olingan.

“Mening yurtim” (My5) telekanaliga 2024 yil 16 dekabrda fuqaro (Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani, Xoʻjaqoʻrgʻon MFYda yashovchi) Oybek Ochilov tomonidan yoʻllangan murojaat boʻyicha telekanal muxbiri Ruxsora Gʻofurova jurnalistlik surishtiruv oʻtkazgan.

Fuqaro (sobiq harbiy xizmatchi) Oybek Ochilov 2019 yil Xalq banki Jizzax viloyati filialiga isteʼmol kreditini olish boʻyicha murojaat qiladi. Bank xodimi Boltayeva Gulinur O. Ochilovga yil oxiri boʻlganligi sababli limit yopilgan, degan vaj bilan rad javobini bergan.

Biroq, fuqaro O.Ochilovning taʼkidlashicha, 2022 yilda uning sobiq ish joyiga kredit qarzdorligini toʻlash shartligi boʻyicha Xalq bankidan rasmiy murojaat kelgan. Shu bilan birga, maʼlum vaqt davomida fuqaro O.Ochilovning plastik kartasidan pul mablagʻi yechib kelingan. Kredit toʻlovi maʼlum muddat bank xodimining oʻzi tomonidan toʻlab kelingan.

Fuqaro O.Ochilov bankka murojaat qilganida 2019 yilgi ariza asosida bank xodimlari uning nomiga isteʼmol krediti rasmiylashtirganligi maʼlum boʻlgan. Shuningdek, yana bir sobiq harbiy Jamshid Boynazarovga nisbatan ham shunday qonunbuzarlik amalga oshirilgan.

Yuqoridagi holatlar boʻyicha muxbir Ruxsora Gʻofurova lavha tayyorlagan va “Mening yurtim” telekanalida 2024 yil 23 dekabrda “Markaziy studiya” informatsion dasturi orqali efirga berilgan.

Telekanal orqali yoritilgan efir yuzasidan oʻzgalar nomiga kredit rasmiylashtirib, uni oʻzlashtirgan Gulinur Boltayeva prokuratura organlariga murojaat qilgan. Goʻyoki uning “shaʼni va qadr-qimmati kamsitilgan”.

Bugungi kunda Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani prokuratura tergovchisi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Telekanal muxbiri R.Gʻofurova mazkur jarayonlar uchun Amrillo Axmedovni advokat sifatida yollagan.

Bundan maʼlum boʻladiki, oʻzgalar nomiga kredit rasmiylashtirib, buni oʻzlashtirgan bank xodimasi haqidagi jurnalistik surishtiruv materiali qolib, jurnalistning oʻzi nishonga aylanmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, fuqarolarning nomiga kredit rasmiylashtirib, buni oʻzlashtirgan bank xodimasining turmush oʻrtogʻi Oliy sudda ishlaydi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid