Ichki ishlar xodimlarini tasvirga olganlarni jazolaydigan qonun loyihasi yumshatildi
Katta muhkamalarga sabab boʻlgan ushbu qonun boʻyicha belgilangan jarima va qamoq jazolari ham qisqartirilmoqda.

Ichki ishlar xodimlarining tasvirini ularni obroʻsizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslik, yaʼni xodimning harakatlari, soʻzlari va yuz bergan holatni buzmaslik, shu maqsadda montaj qilmaslik talab etilmoqda.
Bugun boʻlib oʻtayotgan Senat yalpi majlisida mazkur qonun loyihasi koʻrib chiqildi. Mazkur qonun 2024 yil 16 avgustda oʻtgan yalpi majlisda ham koʻrilgan edi. Oʻsha paytda kiritilgan "huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini foto va videotasvirlar orqali obroʻsizlantirish maqsadida, yaʼni yolgʻon, noaniq yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar internetga joylashtirilmasligi" haqidagi normadan "yolgʻon va noaniq" soʻzlari chiqarib tashlandi.
Bunda fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Muhofaza qiluvchi organlar xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati toʻliq saqlanib qolmoqda.
Shundan kelib chiqib, ushbu moddada “huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto – va (yoki) videotasvirni ularni obroʻsizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish” uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Mazkur modda sanksiyasida belgilangan jarima miqdorlari ham qaytadan koʻrib chiqilib, qatʼiy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi jarima 20 baravardan 50 baravargacha etib, qatʼiy belgilangan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olish 10 sutkagacha qisqartirilmoqda, yaʼni holatdan kelib chiqib, sudya undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin.
Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi. Endi uni prezident imzolashi kerak.