Xorijdan muntazam pul joʻnatuvchi migrantlarga ipoteka berilishi mumkin
Prezident ipoteka dasturi doirasida yigʻilish oʻtkazmoqda. 18 ming xonadon gazda individual isitiladigan qilib qurilgani uchun foydalanishga qabul qilinmay turibdi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida ipoteka dasturi doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Oʻzbekistondat 2030 yilgacha kamida 100 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivini qurish reja qilingan.
Yangi massivlar uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metr xonadon quriladi.
Joriy yil “Yangi Oʻzbekiston” massivlari infratuzilmasi uchun 1,2 trillion soʻm beriladi.
Hozir “Yangi Oʻzbekiston” massivi uchun masʼul yagona tashkilot boʻlmagani uchun, yer qayerdan ajratiladi, infratuzilma qanday boʻladi, qayerga daraxt ekiladi, sugʻorish va drenaj tizimi qanaqa oʻtkaziladi, degan savollarga javob yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois, bu ishlarni tashkillashtirish uchun “Oʻz uyim” kompaniyasi tashkil qilinadi. Ushbu kompaniya “Yangi Oʻzbekiston” massivlariga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga masʼul boʻladi.
Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilib, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
Oʻtkazilgan muloqotlarda developerlarning koʻpchiligi yer olish, kredit, qurilishga ruxsat, infratuzilma, foydalanishga topshirish, uylarni sotish bilan bogʻliq masalalarni koʻtargan.
Misol uchun, oʻtgan yili 5 ming xonadonli 150 ta koʻp qavatli uy aylanma mablagʻ yetmagani uchun bitmay qolgan. Bu borada banklarning xorijdan jalb qilingan mablagʻdan 310 million dollarni quruvchilarga aylanma uchun berish taklifi maʼqullandi.
18 ming xonadon gazda individual isitiladigan qilib qurilgani uchun foydalanishga qabul qilinmay turibdi. Mutasaddilarga ishchi guruhi tuzib, har bir holatni oʻrganib, masalaning yechimi boʻyicha Hukumatga taklif kiritish topshirildi.
Bu yil 135 ming xonadonli koʻp qavatli uylarni markazlashgan holda isitiladigan, ovqat pishirish esa elektr plitasi orqali boʻladigan qilib qurish zarurligi qayd etildi.
Markaziy va ichki koʻchalarni yoritishda isrofgarchilikni qisqartirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Hududlarda liftlarni qabul qilish 2-3 oyga choʻzilayotgani sababli har bir viloyatda kamida 2 tadan brigada tashkil qilish, 20 nafardan aholini liftlarga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashga oʻqitish vazifasi qoʻyildi.
Mamlakatimizda aholiga rasmiy ish joyi boʻlmasa ham, daromadini deklaratsiya asosida hisobga olib, ipoteka krediti olishi uchun imkoniyat yaratilgan.
Lekin hozirda xorijga ishlashga ketganlarga “Oʻzbekistonda rasmiy daromadi yoʻq”, degan vaj bilan kredit va subsidiya berilmayapti.
Mutasaddilarga xorijda mehnat qilayotgan va olti oy ichida muntazam pul oʻtkazib kelayotgan fuqarolar daromadini hisobga oladigan tizim yaratish topshirildi.