Samarqandda "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti boʻladi
Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi rahbari bilan telefon orqali ushbu masalani muhokama qildi.

Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta bilan boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqotida ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston yetakchisi va Yevrokengash rahbari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Shuningdek, Oʻzbekiston prezidenti Antoniu Koshta Yevropa kengashi rahbari lavozimiga saylangani bilan tabrikladi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik natijasida 2024 yilda tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 30 milliard yevroga yetdi.
Oʻtgan yili oʻta muhim mineral resurslar sohasida strategik sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Transport va raqamli oʻzaro bogʻliqlik, "yashil" iqtisodiyot, madaniyat va boshqa yoʻnalishlarda samarali hamkorlik olib borilmoqda.