Asosiy stavka yillik 13,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi
2024 yil dekabrida umumiy inflyatsiya darajasi yillik 9,8 foizni tashkil etdi.

Markaziy asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi.
Umumiy inflyatsiya darajasi 2024 yil oktabr oyidan pasayish trendiga oʻtib, dekabrda yillik 9,8 foizni tashkil etdi. Ushbu trendga narxlar barqarorlashuvining mustahkamlanayotganligining ifodasi sifatida qarash mumkin.
2024 yil yakunida isteʼmol savatidagi tovar va xizmatlarning toʻrtdan uch qismida narxlar oʻsishi 2023 yilga nisbatan sekinlashdi.
Ayni paytda, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya biroz tezlashib, 7,2 foizgacha oshdi. Bunda xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari bazaviy inflyatsiyasi nisbatan yuqori darajada shakllanayotgani taklif omillari bilan bir qatorda yalpi talab ortishi bilan bogʻliq inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi omillar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Iqtisodiyotda 2023-2024 yillardagi isteʼmol va investitsion faollikning yuqori darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, ish haqi va transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining yuqori oʻsishi aholi real daromadlari oshishiga xizmat qildi. Bu esa yuqori iqtisodiy faollik fonida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qoʻllab-quvvatlovchi taʼsirga ega boʻlib, bazaviy inflyatsiyaga oshiruvchi bosim yaratishi mumkin.
2024 yil noyabr-dekabr oylarida mavsumiy xarakterga ega taklif omillarining namoyon boʻlishi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalari darajasida oʻsish qayd etilgan.