Srechko Katanets milliy terma jamoadan ketdi
OʻFA yangi bosh murabbiy topish ustida ish olib borilayotganini maʼlum qildi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets lavozimidan ketdi.
OʻFA xabariga koʻra,murabbiy sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar sababli Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani oʻzaro rozilik bilan bekor qilishga qaror qilgan.
Sloveniyalik murabbiy oʻz murojaatida hozirgi holatida vazifalarini toʻlaqonli, professional tarzda bajara olmasligini qayd etdi.
"OʻFA hamda Srechko Katanets oʻrtasidagi shartnoma oʻzaro doʻstona munosabatlarni saqlagan holda bekor qilindi. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi lavozimiga munosib nomzod tayinlash borasida ish olib bormoqda", deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Katanets MTJga 2021 yilda kelgandi.