Qirgʻiziston prezidenti "Din toʻgʻrisida"gi qonunni imzoladi
Sadir Japarov mazkur qonun nega qabul qilingani yuzasidan kattagina bayonot eʼlon qildi.
Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov “Din toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi va buning sababini tushuntirdi. U oʻz bayonotini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida eʼlon qildi.
Davlat rahbari diniy meʼyorlar tarafdorlari undan qonunni rad etishni soʻraganini taʼkidladi.
“Shu bilan birga, qonunning imzolanishi va kuchga kirishini talab qilgan dunyoviy qarashdagi fuqarolar ham bor. Shuni unutmasligimiz kerakki, bizning mamlakatimizda diniy eʼtiqodlilar qancha boʻlsa, ikkinchisi ham shunchalik koʻp. Dunyoviy kishilar notanishlarning kvartiralar va uylarni aylanib chiqishlariga va eshiklarni taqillatishiga qarshi. Odamlar bu sayyor daʼvatchilar kimlar, ularning muftiylik, qoziyot yoki xatibiyat tomonidan berilgan guvohnomalari bormi, ular qaysi tashkilot yoki yoʻnalishni targʻib qilmoqda, bu dinimizga zidmi, degan savollarga javob olishni istaydi”, deb yozadi u.
Sadir Japarov qonunda birgina munozarali nuqta bor – uyma-uy yurib maʼruza oʻtkazish masalasi borligini taʼkidladi.
“Mamlakatimizda haligacha uylarni aylanib chiqish masalasi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan. Bunday turlarga kim ruxsat berishi, ularda kimlar ishtirok etishi, qanday maʼlumot talab qilinishi, kim daʼvat oʻtkazish huquqiga ega, qanday varaqalar yoki kitoblar tarqatilishiga ruxsat berilgani va bu materiallarni kim tekshirishi aniqlanmagan”, — dedi u.
"Fuqarolarimiz oʻz oilasi, farzandlarini qarovsiz, oziq-ovqatsiz qoldirib, uch kun, 40 kun, hatto toʻrt oyga ketib qolish holatlari ham uchrab turibdi. Bu qanday mumkin? Avval oilani hech boʻlmaganda minimal oziq-ovqat bilan taʼminlab, keyin borib dinga daʼvat qilib boʻlmaydimi?", deydi Japarov.
“Hech kim diniy daʼvatga qarshi emas. Biz hech qachon toʻgʻri daʼvatdan azob chekmaymiz. Hozircha uni masjidlarda, toʻylarda, janozalarda, bozorlarda yoki odamlar toʻplanadigan boshqa joylarda oʻtkazish mumkin”, — dedi u.
Prezident muftiylik va Ulamolar kengashi maʼruzalarda kimlar ishtirok etishi, qaysi organ guvohnoma berishi, nazoratni kim amalga oshirishi yuzasidan aniq talab va qoidalar belgilab, davlat rahbariga taklif etishi kerakligini taʼkidladi.
“Biz koʻrib chiqamiz va qoʻllab-quvvatlaymiz. Bu bilan hech qanday muammo yoʻq. Masalan, men hech qachon dinga qarshi chiqmayman. Men umri davomida xudojoʻy va dindor boʻlgan odamning oʻgʻliman. Men din nimaligini juda yaxshi tushunaman. Agar men hozir “Men faqat dinga qatʼiy amal qilganlarning xayrixohligini saqlab qolmoqchiman va kelajakda nima boʻlishi muhim emas”, deb oʻylasam, bu qonun loyihasini shunchaki eʼtiroz bilan qaytarishim mumkin edi. Lekin men bu masalaga oddiy fuqaro sifatida emas, balki mamlakat prezidenti sifatida qarayman”, deb yozadi u.
Japarovga koʻra, Qirgʻizistonda diniy eʼtiqod 33 yoʻnalishga boʻlinib ketgan. Ular orasida taqiqlangan tashkilotlar ilgari suradigan gʻoyalar ham bor.