platina.uz

Milliy gvardiya xodimi fuqaroga murojaat qilganda oʻzini tanishtirishi shart boʻladi

Qonunchilik palatasi shu masalaga oid qonun loyihasini maʼqulladi. 

Jamiyat
21-yanvar, 13:15
Milliy gvardiya xodimi fuqaroga murojaat qilganda oʻzini tanishtirishi shart boʻladi

Endilikda milliy gvardiya xodimi fuqaroga murojaat qilganda oʻzini tanishtirishi shart boʻladi. Qonunchilik palatasi bu boʻyicha qonun loyihasini maʼqulladi.

2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etildi. 2020 yilda uning maqomini belgilovchi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.

Hozirgi kunga qadar Milliy gvardiya organlari faoliyatiga oid 17 ta qonun, 50 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilinib, Milliy gvardiyaga qator yangi vazifa va funksiyalar yuklatildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan “Milliy gvardiya toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasida Milliy gvardiya organlarining vazifalari tizimlashtirilmoqda. Shuningdek, bitta yangi vazifa kiritilmoqda.

Amaldagi qonunchilikda Milliy gvardiya xodimi xizmat vazifalarini bajarishi yuzasidan fuqarolarga murojaat etganda yoki unga fuqaro murojaat etganda oʻzini tanishtirish tartibi belgilanmagan edi. Bu esa, amaliyotda ayrim eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablaridan kelib chiqqan holda “Milliy gvardiya toʻgʻrisida”gi Qonunning “Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish prinsipi” deb nomlangan 6-moddasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) fuqaroga murojaat etganida hamda oʻziga fuqaro murojaat etgan taqdirda oʻzini tanishtirishi hamda fuqaroga uning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi shartligiga oid norma bilan toʻldirilmoqda.

Munozaralardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+