platina.uz

"Manchester Siti" Husanov haqida oʻnta faktni eʼlon qildi

Unda Angliyadagi ilk oʻzbekistonlik futbolchining bosib oʻtgan yoʻli boʻyicha maʼlumot berilgan. 

Sport
21-yanvar, 9:53
"Manchester Siti" Husanov haqida oʻnta faktni eʼlon qildi

"Manchester Siti" rasmiy saytida yangi futbolchi Abduqodir Xusanov haqida oʻnta muhim maʼlumot eʼlon qilindi.

Husanovning transferi 20 yanvar kuni maʼlum qilindi.

1. Premer ligadagi ilk oʻzbek futbolchisi

Xusanov Premer-ligada hamda “Siti”da oʻynagan birinchi oʻzbekistonlik futbolchiga aylanadi. U shu orqali Angliyada oʻynagan 118-millat oʻyinchisi boʻldi.

Bundan avval “Vest Bromvich”, “Kardiff” va “Stok” klublarida oʻynagan Piter Odemvingiye ham Toshkentda tugʻilgan, biroq xalqaro miqyosda Nigeriya sharafini himoya qilgan.

2. Uzoq yoʻl

Abduqodir Toshkentda tugʻilgan va “Bunyodkor”ning yoshlar jamoasida oʻynagan. Keyin u Belarusning “Energetik-BGU” jamoasiga oʻtib, u yerda katta futboldagi ilk oʻyinini “Vitebsk”ga qarshi oʻtkazgan. Oʻyin 3:1 hisobida tugagan.

37 ta oʻyindan keyin Xusanov “Lans”ga oʻtdi va Fransiya klubi uchun 31 marta maydonga tushdi.

3. Kamdan-kam uchraydigan tugʻilgan kun

Abduqodir 2004 yil 29 fevralda tugʻilgan. Bu sanada tugʻilish ehtimoli 1461 tadan bittani tashkil etadi.

Qiziq, “Siti” sobiq hujumchisi Ferran Torres ham shu kuni, lekin toʻrt yil avval tugʻilgan. Ularning navbatdagi rasmiy tugʻilgan kuni uchun yana uch yil kutishga toʻgʻri keladi!

4. “Oltin bola” sovriniga nomzod

2024 yilda Xusanov “Oltin bola” sovriniga nomzod boʻldi. U bilan birga “Siti” futbolchilari Riko Lyuis va Savino ham roʻyxatda edi.

Bu mukofot 21 yoshgacha boʻlgan eng yaxshi futbolchiga topshiriladi. 2024 yil gʻolibi “Barselona” futbolchisi Lamin Yamal boʻldi.

5. Ota izidan

Abduqodirning otasi Hikmat Hoshimov ham futbolchi boʻlgan. U Oʻzbekiston milliy jamoasi uchun 12 ta oʻyin oʻtkazgan. Abduqodir esa milliy jamoa uchun 6 ta oʻyin oʻtkazishga ulgurgan.

Hikmat Hoshimov 2009/10 yilgi mavsumda “Bunyodkor” bilan Oʻzbekiston chempioni va Kubogini qoʻlga kiritgan. Keyinchalik oʻgʻli oʻynagan yoshlar jamoasida murabbiy boʻlgan.

6. Jahon chempionatiga chorlov

Oʻzbekiston haligacha jahon chempionatida ishtirok etmagan, biroq 2026 yilgi JCh saralash bosqichida jamoa yaxshi natijalarga erishmoqda.

OFKning A guruhida Oʻzbekiston ikkinchi oʻrinda ketmoqda. Guruhdagi ikki jamoa pley-offga yoʻllanma oladi.

7. Milliy sharaf

Abduqodir Oʻzbekistonning 17, 19, 20, 23 yoshlilar jamoalarida va kattalar jamoasida mamlakat sharafini himoya qilgan.

2024 yilgi Parij Olimpiadasida qatnashgan boʻlsa-da, Oʻzbekiston guruh bosqichidan chiqa olmagan.

8. Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo Kubogi gʻolibi

Abduqodir 2024 yilgi 20 yoshlilar oʻrtasidagi Osiyo Kubogida gʻolib chiqqan Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida boʻlgan. Ular finalda Iroqni 1:0 hisobida magʻlub etgan.

Bu gʻalaba bilan Oʻzbekiston yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatiga yoʻl olgan va 1/8 finalgacha yetib borgan.

9. Bir nechta tilda soʻzlasha oladi

20 yoshli futbolchi oʻzbek va rus tillarida bemalol gapiradi. Fransiyada yashagan vaqtda fransuz tilini oʻrgangan.

Fransiyadagi eng yaqin doʻsti ekvadorlik futbolchi, ispan tilida soʻzlovchi Xoanner Chaves boʻlgan. Bu esa Pep Gvardiolaga futbolchiga oʻz fikrini tushuntirishni ancha osonlashtiradi.

10. Vatandan uzoqda

Toshkent shahri Manchesterdan taxminan 5600 kilometr uzoqlikda joylashgan. Vaqt farqi esa besh soatni tashkil qiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+