Yangiyoʻlda bank boshqaruvchisi sobiq oʻrinbosarining qilmishlari fosh etildi
U fermer xoʻjaliklariga ajratilgan imtiyozli kredit mablagʻlarini talon-toroj qilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tuman sudida qator jinoyatlarni sodir etishni ayblangan bank boshqaruvchisi sobiq oʻrinbosariga nisbatan sud hukmi oʻqildi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, J.F "A" bank Yangiyoʻl filiali boshqaruvchisi oʻrinbosari lavozimida ishlagan. U “G’ayratjon Baraka Ziyosi” fermer xoʻjaligiga 2023 yil gʻalla yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablagʻlarini talon-toroj qilishni maqsad qilgan. U xoʻjalik rahbari X.T bilan til biriktirib, goʻyoki fermer xoʻjaliklari oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan "Farovon ishonch bog’i" fermer xoʻjaligiga 40 mln. soʻm miqdoridagi mablagʻlarni oʻtkazib, "G’ayratjon Baraka Ziyosi" fermer xoʻjaligiga ajratilgan imtiyozli kredit mablagʻlarini rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Bundan tashqari, F.J va X.T.lar oʻzlarining harakatlarini takroran davom ettirib, “G’ayratjon Baraka Ziyosi” fermer xoʻjaligiga 55,5 mln. soʻm miqdoridagi pul mablagʻini oʻtkazib, “Qualitative Agro Exports” MChJga ajratilgan 55,5 mln. soʻm imtiyozli kredit mablagʻini rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.
Shuningdek, J.F tanishi K.T. dan 2023 yil dekabr oyida 4.200 AQSh dollarini 51.576.000 soʻm qiymatida hisoblab olib, “Salimxoji Ota Fayzi” FXning kredit qarzdorliklarini soʻndirmasdan, qoʻlga kiritgan 4.200 AQSh dollarini oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Dastlabki tergov jarayonida K.Toxirovga yetkazilgan zarar toʻliq bartaraf etilgan.
Shuningdek, jinoiy sheriklar “Qualitative Agro Exports” MChJga ajratilgan jami 162,5 mln. soʻm imtiyozli kredit mablagʻini rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.
Sud majlisida sudlanuvchilar ayblariga toʻliq iqrorlik bildirib koʻrsatma berdi.
Yakuniy hukmga koʻra, J.F.ga har oylik ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolingan holda 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Uning sherigi X. T.ga jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil har oylik ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolingan holda 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Yetkazilgan zararlar qoplangan.
Ish Oliy sud portalidan olindi.